Logan Paulga tegishli Pikachu Illustrator kartasi 2,6 million dollarga sotildi

Mashhur bloger Logan Paulga tegishli bo‘lgan noyob Pikachu Illustrator Pokemon kartasi Goldin kimoshdi savdosida $2,6 mlnga o‘z egasini topdi. Mazkur lot dunyodagi yagona PSA GEM MT 10 darajasiga ega karta bo‘lib, u Ginnesning rekordlar kitobiga eng qimmat Pokemon savdosi sifatida kiritilgan.
Savdo 2026-yil 16-fevral kuni yakunlandi va unda jami 97 ta taklif kelib tushdi. Yakuniy narx xaridor mukofotini ham o‘z ichiga olgan bo‘lib, u yakuniy savdo summasining 24 foizini tashkil etadi. Mazkur karta kolleksionerlar bozoridagi Babe Ruth yoki Maykl Jordan kabi sport afsonalarining noyob kartalari bilan bir xil nufuzga ega deb baholanmoqda.

Kartaning o‘ziga xosligi shundaki, u bilan birga Logan Paul WrestleMania 38 musobaqasida taqqan maxsus olmosli marjon ham topshiriladi. Marjon 10 karatli oltindan ishlangan bo‘lib, unga taxminan 35 karatli tabiiy olmoslar o‘rnatilgan. Ushbu zargarlik buyumining baholangan qiymati $75 mingni tashkil etadi. Shuningdek, kelishuvga ko‘ra, Logan Paul kartani dunyoning istalgan nuqtasidagi g‘olibga shaxsan o‘zi yetkazib beradi.
Karta tarixiga ko‘ra, Pikachu Illustrator 1997–1998-yillarda Yaponiyaning CoroCoro Comic jurnali o‘tkazgan tanlov g‘oliblariga berilgan. Umumiy hisobda dunyo bo‘ylab atigi 41 ta nusxa rasman tarqatilgan deb ishoniladi. Mazkur nusxa esa PSA reytingida eng yuqori bahoni olgan yagona eksponatdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan dunyoda yagona bo‘lgan Ferrari kimoshdi savdosida $38,5 mlnga sotilgani haqida xabar bergan edi.