Floyd Mayvezer va Mayk Tayson jangining sanasi va manzili aniq bo‘ldi

17-fevral 2026 10:23 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: The Irish Sun

Boks olamining ikki buyuk vakili Mayk Tayson va Floyd Mayvezer o‘rtasidagi ko‘rgazmali jang 2026-yilning 25-aprel kuni Kongo Demokratik Respublikasida bo‘lib o‘tishi belgilandi. Bu haqda Daily Mail nashri xabar bermoqda.

Tashkilotchilar dastlab jangni mart oyiga rejalashtirgan edilar, biroq yakunda tanlov 25-aprel sanasi va Markaziy Afrikadagi Kongo davlatida to‘xtaldi. Ushbu hudud 1974-yili Muhammad Ali va Jorj Forman o‘rtasidagi mashhur Rumble in the Jungle jangiga mezbonlik qilgan bo‘lib, boks tarixidagi eng nufuzli manzillardan biri hisoblanadi.

Foto: WBA Boxing

Mayk Taysonning iyun oyida 60 yoshni qarshilashi va uning 2024-yili bloger Jeyk Polga qarshi kechgan jangdagi sust harakatlari jamoatchilikda uning salomatligi borasida xavotirlar uyg‘otmoqda. Floyd Mayvezer esa kelasi hafta 49 yoshga to‘lishiga qaramay, o‘zining 50-0 ko‘rsatkichli professional rekordini saqlab qolgan va yuqori jismoniy holatda ekanini namoyish etib kelmoqda.

Foto: Diario AS

Ma’lumot uchun, Taysonning Jeyk Pol bilan o‘tkazgan oxirgi jangi Netflix platformasida 108 mln kishi tomonidan tomosha qilingan edi. Mutaxassislarning taxminicha, ikki afsonaning o‘zaro to‘qnashuvi ushbu ko‘rsatkichdan ham yuqori natija qayd etishi mumkin.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan Mayk Tayson va Floyd Mayvezer 2026-yilda ringga chiqishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek