
O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlari beriladi. Bu haqda «Mahallani rivojlantirish va jamiyatni yuksaltirish» yilida ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlar dasturlari va «O‘zbekiston-2030 strategiyasini amalga oshirish bo‘yicha davlat dasturi to‘g‘risida»gi prezident farmonida keltirilgan.
Ushbu avtokreditlar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil uchun taqdim qilinadi.
Farmonning ekologik muvozanatni ta’minlash va suv resurslaridan oqilona foydalanishni samarali tashkil etish bo‘yicha ustuvor islohotlar dasturida atmosfera havosini zararlantirmaydigan va ekologik toza avtomobillarni sotib olish uchun aholiga qulay sharoitlarni yaratish belgilangan.
Sentabrdan e’tiboran beriladigan avtokredit foizlarining oshgan qismini tijorat banklariga davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi joriy etiladi. Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini ko‘paytirish uchun mazkur yo‘nalishni rag‘batlantirish bo‘yicha islohotlar amalga oshiriladi. Masalan, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kilovatt soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi davlat budjetidan qoplab beriladi.

Elektromobillarni quvvatlash stansiyalarini tashkil qilish uchun tadbirkorlarga 10 foizli maqsadli kreditlar ham ajratiladi. Shuningdek, quvvatlash stansiyalari uchun sotib olinadigan yer maydonlarining auksiondagi boshlang‘ich narxi ularning bozor qiymatidan 2 baravar arzon narxda bo‘ladi. Ushbu stansiyalar soni 4 mingtaga yetkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Consumer Reports mutaxassislari bozorni keng tahlil qilib, 2026-yilda xarid qilish mumkin bo‘lgan eng yaxshi elektromobillarni toifalar bo‘yicha saralab chiqqandi.
Shuningdek, «Kursiv» joriy yilning yanvar oyida yengil avtomobillar savdosi 7,2 foizga oshgani haqida yozgandi.