O‘zbekiston 2027-yilgacha 20 turdagi xomashyo importiga bojlarni pasaytirdi

eʼlon qilindi
Pasaytirilgan boj stavkalari 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi
Tramp Xitoyga 50 foizlik
Foto: Getty Images

O‘zbekistonda mahalliy sanoat ehtiyojlari uchun olib kiriladigan 20 turdagi xomashyo va materiallarga import boj stavkalari vaqtincha pasaytirildi. Tegishli qaror Bojxona qo‘mitasi tomonidan ma’lum qilindi.

Unga ko‘ra, Jahon savdo tashkiloti bilan ishlash bo‘yicha Idoralararo komissiya 14-fevral kuni bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda ushbu tashabbusni ma’qullagan. Bayonnomaga ko‘ra, taklif Investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, «O‘zeltexsanoat» rahbari Mirziyod Yunusov hamda «O‘zbekzargarsanoati» rahbari o‘rinbosari Nodir Mirahmedov tomonidan ilgari surilgan.

Imtiyozlar muddati

Pasaytirilgan boj stavkalari 2026-yil 17-fevraldan 2027-yil 1-yanvargacha amal qiladi. Ular mahalliy ishlab chiqarishda foydalaniladigan xomashyo va materiallarga nisbatan qo‘llanadi.

Qaysi tovarlarga bojlar kamaytirildi

Imtiyozlar quyidagi asosiy yo‘nalishlarni qamrab oladi:

Sharbat ishlab chiqarish uchun konsentratlar

  • Apelsin sharbati uchun apelsin konsentratlari;
  • Greypfrut va pamelo konsentratlari;
  • Boshqa sitrus mevalari konsentratlari;
  • Ananas konsentratlari.

Mazkur tovarlarga import boji 3 foiz etib belgilangan.

Tamaki sanoati uchun xomashyolar

  • Gomogenlashtirilgan yoki tiklangan tamaki
  • Kengaytirilgan tamaki jilkalar
  • Tamaki ekstraktlari
  • Sigaret qog‘ozi (turli ko‘rinishlarda)
  • Kimyoviy tolalardan tayyorlangan maxsus vata

Bu tovarlar uchun stavkalar 3 foizdan 20 foizgacha etib belgilangan.

Ko‘mir mahsulotlari

  • Faollashtirilgan ko‘mir
  • Boshqa turdagi ko‘mir

Ular uchun 2 foizlik stavka qo‘llanadi.

Zargarlik sanoati uchun xomashyo

  • Marvaridlar
  • Olmoslar
  • Qimmatbaho va yarim qimmatbaho toshlar (tabiiy, sun’iy yoki rekonstruksiya qilingan)

Mazkur tovarlarga nol darajali boj stavkasi joriy etilgan.

Sanoat ishlab chiqarishi uchun alyuminiy sim

  • Kabel mahsulotlari ishlab chiqarish uchun mo‘ljallangan alyuminiy simlar

Ular uchun ham boj stavkasi nolga tushirilgan.

Maxsus talab

Import qilinadigan ko‘mir va tamaki sanoati uchun mo‘ljallangan materiallarga imtiyozli stavkalarni qo‘llash uchun Loyihalar va import kontraktlarini ekspertiza qilish markazining ijobiy xulosasi talab etiladi. Aks holda, bojlar umumiy tartibda undiriladi.

Imtiyozlar ta’siri

Komissiya yig‘ilishida qayd etilishicha, avval alyuminiy sim importiga bojning vaqtinchalik nolga tushirilishi natijasida 2025-yilda alyuminiy kabel ishlab chiqarish hajmi ikki baravardan ko‘proqqa oshgan. Eksport 29 foizga, ishlab chiqarish quvvatlaridan foydalanish 19 foizga, budjet tushumlari esa 89 foizga ko‘paygan.

Sharbat va nektar ishlab chiqarish uchun ayrim meva konsentratlariga bojlarning kamaytirilishi eksport hajmini 82 foizga oshirish imkonini bergan. Sohada yangi ish o‘rinlari 13 foizga ko‘paygan, soliq tushumlari esa qariyb 90 foizga oshgan.

Marvarid va qimmatbaho toshlarga nol stavka qo‘llanilishi zargarlik buyumlari ishlab chiqarish hajmining fizik ko‘rinishda 2,6 baravarga, qiymat jihatidan esa 4,8 baravarga o‘sishiga xizmat qilgan. Zargarlik mahsulotlari eksporti 4 barobar oshgani qayd etilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan mahalliy korxonalar uchun xomashyo importi bojlari to‘liq qayta ko‘rib chiqilishi haqida yozgandi.

Shuningdek