
«Real Madrid» UEFA Chempionlar ligasi pley-off bosqichining dastlabki uchrashuvida mehmonda «Benfika»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuvning 50-daqiqasida Kilian Mbappe tomonidan uzatilgan to‘pni braziliyalik hujumchi Vinisius Junior darvozaning uzoq burchagiga aniq yo‘llab, hisobni ochdi. Goldan so‘ng futbolchining hissiyotli nishonlashi va «Benfika» futbolchisi Janluka Prestianni bilan yuzaga kelgan nizo ortidan Vinisiusga sariq kartochka ko‘rsatildi.
Irqchilik mazmunidagi haqoratlar haqidagi da’volar sababli bosh hakam Fransua Leteksye o‘yinni 10 daqiqaga to‘xtatishga majbur bo‘ldi. Mehmon jamoa futbolchilari maydonni tark etishdi, biroq vaziyat biroz tinchigach, o‘yin qayta tiklandi. Lissabondagi «Estadio da Luz» stadionida kechgan bahsni 66,3 ming nafar tomoshabin bevosita kuzatib bordi.

Uchrashuv oxirida «Benfika» bosh murabbiyi Joze Mourinyo hakam bilan bahslashgani uchun 85-daqiqada ikkinchi sariq kartochkani olib, maydondan chetlatildi. O‘yinning to‘xtalishi va boshqa omillar sababli asosiy vaqtga 12 daqiqa qo‘shib berildi. Shu vaqt ichida tribunadan otilgan buyum Vinisiusning qo‘liga tegdi, biroq jiddiy jarohat qayd etilmadi.
«Real Madrid» ushbu g‘alaba evaziga keyingi bosqich uchun yaxshi imkoniyat hosil qildi. Jamoalar o‘rtasidagi javob uchrashuvi 25-fevral kuni Madridning «Santyago Bernabeu» stadionida bo‘lib o‘tishi belgilangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Abduqodir Husanov YChL guruh bosqichining eng tezkor futbolchisi deb topilgani haqida xabar bergan edi.