Shayxontohur tumanidagi kuchli yong‘inda ona va ikki farzandi halok bo‘ldi

Toshkent shahrining Shayxontohur tumanidagi turarjoy binosida 16-fevral kuni kechki payt kuchli yong‘in sodir bo‘ldi. Oqibatda ona va uning ikki voyaga yetmagan farzandi halok bo‘ldi, yana 1 kishi jarohat oldi.
Yong‘in haqida xabar 16-fevral kuni soat 20:51 da Toshkent shahar Favqulodda vaziyatlar bosh boshqarmasiga kelib tushgan. Yong‘in-qutqaruv brigadalari soat 21:38 da olovni o‘chirdi. Bino ichida 3 fuqaro jasadi topildi. Shuningdek, 1 kishi tez tibbiy yordam xodimlariga topshirilgan.
Guvohlarning aytishicha, yong‘in juda kuchli bo‘lganligi sababli, qo‘shni tomon devorini buzib kirishga majbur bo‘lganlar, lekin ichkariga kirganlarida juda kech bo‘lgan. Halok bo‘lgan ona farzandlarini yong‘indan himoya qilish maqsadida ularni bag‘riga bosgan holatda topilgan.

«Kelinni va ikki jiyanimizni xonadan chiqarib bo‘lmadi. Ichkariga kira olmadik. Yong‘in tufayli devorni yorib kirishga majbur bo‘ldik, lekin ichkariga kirganimizda juda kech bo‘lgan edi», – dedi voqeaga guvoh bo‘lganlardan biri.
Mazkur holat bo‘yicha dastlabki tergov ishlari olib borilmoqda. Yong‘in sabablari aniqlanishi uchun tekshiruv davom etmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Qo‘qondagi ko‘p qavatli uyda gaz chaqnashi oribatida 1 kishi halok bo‘lgan edi.