Metrologiya yo‘nalishidagi talabalar uchun maxsus stipendiya joriy etiladi

Metrologiya yo‘nalishidagi talabalar uchun maxsus stipendiya joriy etiladi. Prezident farmoni bilan metrologiya sohasini xalqaro talablar bilan uyg‘unlashtirish maqsadida 2027-yil 1-yanvardan boshlab bir qator o‘zgarishlar amalga oshiriladi.
Endilikda o‘lchash vositalarini qiyoslash amaliyotidan voz kechilib, qonunlashtiruvchi metrologiya doirasida verifikatsiya tizimi joriy etiladi. Sanoatda qo‘llanilayotgan va mahsulot sifatiga bevosita ta’sir qiladigan o‘lchash vositalari kalibrlashga o‘tkaziladi. Shuningdek, standart namunalarni attestatsiyadan o‘tkazish tartibi bekor qilinadi.
Xalqaro tarozi va o‘lchashlar byurosi bazasida tan olingan kalibrlash imkoniyatlariga ega laboratoriyalar ayrim yo‘nalishlar bo‘yicha akkreditatsiyadan ozod etiladi.
2026/2027 o‘quv yilidan boshlab standartlashtirish, metrologiya va muvofiqlikni baholash yo‘nalishlarida tahsil olayotgan talabalar uchun «Maxsus stipendiya» ta’sis qilinadi.
Shuningdek, rivojlangan davlatlar, xususan, Yevropa Ittifoqining texnik jihatdan tartibga solish tizimi asosida yangi o‘quv soatlari joriy qilinadi. Talabalar uchun so‘nggi ikki yilni xorijiy universitetda davom ettirish imkonini beruvchi «2+2» qo‘shma ta’lim dasturlari ham ishlab chiqiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq «Eng yaxshi startap g‘oyasi» va «Eng innovatsion g‘oya» tanlovlari yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar berilgandi. «Eng yaxshi startap g‘oyasi» tanlovining tuman bosqichi g‘oliblariga 5 mln so‘mgacha, viloyat bosqichi g‘oliblariga esa 10 mln so‘mgacha mukofot puli beriladi.