Mahalla raislarining maoshi ushlab qolingani haqida xabarlar rad etildi

eʼlon qilindi
Respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 8,9 mingta mahalla fuqarolar yig‘inidagi barcha mahalla raislarining yanvar oyi ish haqi to‘liq to‘lab berilgani ma’lum qilingan
Mahalla raislarining maoshi ushlab qolingani haqida xabarlar rad etildi
Foto: Ochiq manba

Mahallalar uyushmasi raisi tomonidan 100 nafar mahalla raisining bir oylik maoshi ushlab qolish haqida buyruq chiqarilgani haqida xabarlar tarqaldi. Uyushma matbuot xizmati bu xabarni rad etdi.

Qayd etilishicha, 2-fevral kuni Uyushma raisining «Mahallalarda aholi bandligini ta’minlash bo‘yicha bir guruh mahalla raislarining faoliyati to‘g‘risida»gi buyrug‘i loyihasi ishlab chiqilgan. Hujjat ayrim mahallalarda ish natijalari past bo‘lgani sababli choralar ko‘rish maqsadida tayyorlangan.

Biroq belgilangan tartib asosida mazkur hujjat Uyushma huzuridagi Kengashda ko‘rib chiqilgan va qo‘shimcha o‘rganish hamda takomillashtirish uchun qayta ishlashga yuborilgan. Shu sababli buyruq ijroga kiritilmagan.

Shuningdek, respublika bo‘yicha faoliyat yuritayotgan 8,9 mingta mahalla fuqarolar yig‘inidagi barcha mahalla raislarining yanvar oyi ish haqi to‘liq to‘lab berilgani ma’lum qilindi. Mahalla raislarining ish haqidan ushlab qolingani haqidagi xabarlar amaldagi holatni aks ettirmasligi ta’kidlangan.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Mahallalar nomlari va hududlari qayta ko‘rib chiqilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek