Elektromobilda taksi qilganlarga soliq va avtoturargoh imtiyozlari beriladi

O‘zbekistonda «yashil transport»ni rivojlantirish va elektromobil egalari uchun qo‘llab-quvvatlash choralari joriy etilmoqda. 2026-yilgi davlat dasturiga muvofiq, elektromobilda taksi xizmati ko‘rsatuvchilarga bir qator imtiyozlar beriladi.
Xususan, 1-martdan boshlab elektromobilda taksi qilayotgan haydovchilarga ijtimoiy soliqdan 10 foizgacha chegirma taqdim etiladi. Shuningdek, ular davlat tashkilotlari avtoturargohlarida, jumladan aeroport va vokzallarda 30 daqiqagacha bepul turish huquqiga ega bo‘ladi.
Bundan tashqari, qoidabuzarlik va yo‘l-transport hodisasisiz 1 mln kilometr xizmat ko‘rsatgan haydovchilarga «Tabiat himoyachisi» ko‘krak nishoni beriladi.
Rejaga ko‘ra, 2026-yil yakuniga qadar 300 ming nafar elektromobil taksichi faoliyat yuritishi kutilmoqda. Natijada atmosfera ifloslanishi 7 foizga kamayishi prognoz qilinmoqda.
Elektromobil yoki gibrid avtomobilga ega bo‘lgan, o‘zini o‘zi band qilgan shaxs sifatida ro‘yxatdan o‘tgan yoki tadbirkor sifatida taksi xizmati ko‘rsatayotgan fuqarolar my.gov.uz portali orqali onlayn ariza yuborib, litsenziya rasmiylashtirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq elektromobillarga kam foizli avtokredit qachondan berilishi haqida ma’lumot berilgandi. Unga ko‘ra, ushbu avtokreditlar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil uchun taqdim qilinadi.