Xpeng G02 avtomobili sinovdan o‘tkazilmoqda

18-fevral 2026 16:48 eʼlon qilindi

Samijon Juraqulov

Samijon Juraqulov

Muxbir s.juraqulov@kursiv.media
Xpeng G02 avtomobili sinovdan o‘tkazilmoqda
Foto: Autohome

Xitoyda yangi Xpeng G02 elektromobili rasmiy taqdimot arafasida yo‘l sinovlari paytida ko‘rinish berdi. Bu haqda CarNewsChina xabar bermoqda. Model kompaniyaning avval taqdim etilgan GX flagman krossoverining kichikroq versiyasi bo‘ladi.

Fevral oyida Xpeng to‘liq o‘lchamli GX krossoverini rasman namoyish qilgan va u Xitoyda sotuv litsenziyasi uchun ariza topshirgan edi. Endi esa G02 kodi bilan atalgan yangi krossover sinov jarayonida suratga tushdi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, avtomobil tashqi ko‘rinishida Range Rover Sport uslubini eslatadi.

Foto: Autohome

Sinovdagi avtomobil qalin kamuflyaj bilan yopilgan. Old qismi yopiq dizaynda bo‘lib, bamperda faol havo kirish tizimi mavjud. Faralar bamperning pastki qismida joylashgan. Kuzov uzunligi taxminan 5 metrga yaqin bo‘lishi kutilmoqda.

Modelda biroz egilgan tom chizig‘i, tom usti spoyleri va yashirin eshik tutqichlari bor. Yon oynalar eshik paneliga o‘rnatilgan. Avtomobil LiDAR sensori bilan jihozlanmagan. U kamera va ko‘rish tizimiga asoslangan yordamchi haydov tizimidan foydalanadi.

G02 bozorda GX’ning 5 o‘rinli va ixchamroq talqini sifatida joylashtiriladi. Narxi 300 mingdan 400 ming yuangacha bo‘lishi kutilmoqda. Bu taxminan $43 mingdan $58 minggacha degani.

Foto: Autohome

Kuch qurilmalariga kelganda, G02 BEV va EREV variantlarda taqdim etilishi mumkin. GX modelida BEV versiya 270 kVt quvvatli elektromotor bilan jihozlangan. To‘liq privodli variantda umumiy quvvat 430 kVtgacha yetadi. EREV versiyasi esa 1,5 litrli benzin dvigatel va ikkita elektromotordan iborat tizimga ega. U 63,3 kVt/soat sig‘imli LFP batareya bilan 320 km elektr yurish masofasini ta’minlaydi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Xpeng P7+ 2026 avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.

Shuningdek