O‘zbekistonda Magnus Fusion 212 samolyotini ishlab chiqarish imkoniyati ko‘rib chiqildi

Transport vaziri o‘rinbosari Jasurbek Choriyev Magnus Aircraft Zrt. bosh ijrochi direktori Laszlo Boros bilan uchrashuv o‘tkazdi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.
Muzokaralar davomida kompaniya tomonidan ishlab chiqarilayotgan Magnus Fusion 212 samolyotlarini O‘zbekistonda ishlab chiqarish imkoniyatlari muhokama etildi.
Tomonlar qo‘shma ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish, texnologiyalar transferi hamda mahalliy kadrlarni tayyorlash istiqbollarini ko‘rib chiqdi. Mazkur loyiha amalga oshirilsa, yengil aviatsiya sohasida yangi ishlab chiqarish quvvatlari paydo bo‘lishi mumkin.
Magnus Aircraft Zrt. Vengriyaning kompozit materiallardan innovatsion samolyotlar loyihalash, ishlab chiqarish va sotish bilan shug‘ullanuvchi xalqaro kompaniyasi hisoblanadi. Korxona bosh qarorgohi Pogány shahrida, Pécs-Pogány International Airport yaqinida joylashgan bo‘lib, ishlab chiqarish maydoni qariyb 8 ming kvadrat metrni tashkil etadi.
Kompaniya vakillari AQSh, Xitoy, Keniya, Nigeriya, Serbiya hamda Yaqin Sharq mamlakatlarida faoliyat yuritadi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Natilus kompaniyasi ikki qavatli gibrid samolyotini taqdim etgani haqida yozgandi.