Google Gemini ilovasiga SI orqali musiqa yaratish funksiyasini qo‘shdi

Google sun’iy intellekt imkoniyatlarini kengaytirib, Gemini ilovasiga musiqa yaratish funksiyasini rasman qo‘shdi. Bu haqda Tech Crunch ma’lum qildi.
Endilikda foydalanuvchilar xohlagan qo‘shiqni matn orqali tasvirlab berib, 30 soniyalik trekni matni va muqovasi bilan birga avtomatik yaratishi mumkin.
Musiqa yaratish jarayoni DeepMind ishlab chiqqan Lyria 3 modeli orqali amalga oshiriladi, illyustratsiyalar esa Nano Banana tizimi yordamida tayyorlanadi. Yangi model avvalgi versiyalarga nisbatan murakkabroq va realistik kompozitsiyalar yaratishi bilan ajralib turadi.
Xizmatning muhim imkoniyatlaridan biri — rasm yoki video yuklab, ularning kayfiyatiga mos saundtrek yaratish funksiyasidir. Foydalanuvchilar uslub, vokal va tempni boshqarishi, shuningdek, sevimli ijrochiga o‘xshash ruhda musiqa yaratishni so‘rashi mumkin. Biroq tizim plagiyatning oldini olish uchun aniq nusxa ko‘chirishga yo‘l qo‘ymaydi.
Mazkur funksiya hozirda butun dunyoda 18 yoshdan oshgan foydalanuvchilar uchun mavjud bo‘lib, ingliz, nemis, ispan, fransuz, hind, yapon, koreys va portugal tillarini qo‘llab-quvvatlaydi.
Yaratilgan barcha treklar SynthID raqamli belgisi bilan tamg‘alanadi, bu esa ularni inson yozgan musiqadan ajratish imkonini beradi. Foydalanuvchilar, shuningdek, istalgan trekni yuklab, uning SI tomonidan yaratilgan-yaratilmaganini tekshirishi mumkin.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Google Geminiga ekran avtomatizatsiyasi va yangi interfeys qo‘shilgan edi.