«Arsenal» chempionlik poygasida ochko yo‘qotdi

19-fevral 2026 09:53 eʼlon qilindi

Sardor Saidov

Sardor Saidov

Muxbir
Foto: arsenal.com

Angliya Premyer-ligasining navbatdagi turida turnir jadvali peshqadami «Arsenal» so‘nggi o‘rindagi «Vulverxempton» mehmoni bo‘ldi. Londonliklar ikki to‘p farqi bilan oldinda borayotganiga qaramay, yakunda 2:2 hisobidagi durangga imzo chekdi.

Uchrashuv mehmonlar uchun omadli boshlandi. O‘yinning 5-daqiqasida Bukayo Saka Deklan Raysning uzatmasidan unumli foydalanib, boshi bilan darvozani ishg‘ol qildi va hisobni ochdi. Bu gol Saka uchun barcha musobaqalardagi so‘nggi 15 o‘yin ichida kiritilgan birinchi to‘p bo‘ldi. Birinchi bo‘lim davomida «Arsenal» ustunlikni saqlab qolishga muvaffaq bo‘ldi.

Вулверхэпмтон VS Арсенал - Обзор

Tanaffusdan so‘ng, 55-daqiqada Pyero Inkapie jamoasining ikkinchi golini kiritdi. Dastlab hakamlar ofsayd qayd etgan bo‘lsa-da, VAR tizimi orqali vaziyat o‘rganilgach, gol inobatga olindi. Bu ekvadorlik himoyachining «kanonirlar» safidagi 23-o‘yinida urgan debyut goli bo‘ldi. Biroq oradan besh daqiqa o‘tib, mezbonlar himoyachisi Ugo Bueno jarima maydoni tashqarisidan ajoyib zarba yo‘llab, hisobni qisqartirdi.

Foto: arsenal.com

O‘yinning so‘nggi daqiqalarida dramatik voqealar rivoji kuzatildi. Qo‘shib berilgan vaqtda Premyer-ligada debyut qilgan 19 yoshli Tom Edozie muvozanatni tikladi. Uning zarbasi darvoza ustuniga tegib, so‘ngra Rikardo Kalafioriga urilgan holda to‘rga borib tushdi. Ushbu gol «Arsenal»ni g‘alabadan mahrum qildi.

«Vulverxempton» o‘z maydonida 0:2 hisobida yutqazayotib mag‘lubiyatdan qutulib qolgan holat 2019-yilning dekabr oyidan beri ilk bor kuzatildi. Mikel Arteta shogirdlari navbatdagi uchrashuvni yakshanba kuni Shimoliy London derbisida «Tottenhem»ga qarshi o‘tkazadi.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Manchester Siti» «Fulxem»ni yirik hisobida mag‘lub etgani haqida xabar bergan edi.

Shuningdek