Vyetnam aviakompaniyalari Boeing bilan 30 mlrd dollarlik shartnoma imzoladi

Vyetnamning uchta aviakompaniyasi AQShning Boeing aviasozlik korporatsiyasi bilan jami 90 ta samolyot sotib olish bo‘yicha shartnomalarni imzoladi. Bu haqda Reuters agentligi xabar bermoqda.

Mamlakatning milliy tashuvchisi hisoblangan Vietnam Airlines 50 ta tor fyuzelyajli 737-8 rusumli samolyotni xarid qilish uchun $8,1 mlrdlik bitim tuzdi. Kompaniya bayonotiga ko‘ra, havo kemalari 2030 va 2032-yillar oralig‘ida yetkazib beriladi va bu aviapark hajmini 2030-yilga borib qariyb 151 taga yetkazish imkonini beradi. Shuningdek, tashuvchi qiymati $12 mlrdgacha bo‘lgan qo‘shimcha 30 ta keng fyuzelyajli samolyot xaridi bo‘yicha ham muzokaralar olib bormoqda.

Yangi tashkil etilgan Sun PhuQuoc Airways aviakompaniyasi 40 ta 787-9 Dreamliner samolyoti uchun $22,5 mlrdlik shartnoma imzolaganini ma’lum qildi. Shu bilan birga, Vyetnamning budjet aviakompaniyasi Vietjet 6 ta Boeing 737-8 samolyotini sotib olish maqsadida Griffin Global Asset Management bilan $965 mlnlik moliyalashtirish kelishuviga erishdi.

Ushbu yirik xaridlar AQSh prezidenti Donald Tramp tomonidan ilgari surilgan global mojarolarni hal qilish tashabbusi Tinchlik kengashining inauguratsion yig‘ilishida qatnashayotgan To Lamning tashrifi doirasida yuz berdi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Vyetnamda dunyodagi eng katta «Trong Dong» stadioni qurilishi boshlangani haqida xabar bergan edi.