Chevrolet Monza modelini yangi qiyofada qaytarmoqda

General Motors 2026-yilda 80 – 90-yillarning mashhur Chevrolet Monza sedanini yangi qiyofada qayta ishlab chiqarishga qaror qildi. Xitoydagi muvaffaqiyatli qayta ishga tushirilishdan so‘ng model Lotin Amerikasi va Yaqin Sharq bozorlariga yo‘naltirilmoqda.
Yangi Monza global strategiyaning bir qismi sifatida har bir mintaqa uchun alohida moslashtirilgan. Xususan, model Meksikada Cavalier, Qatarda esa Cruze nomi bilan sotuvga chiqarilmoqda. Tashqi ko‘rinishidan o‘rta sinf sport sedanlarini eslatuvchi avtomobil zamonaviy raqamli panel va multimedia tizimi bilan jihozlangan.
«Monzaning qaytishi shunchaki nostalgiya emas, balki turli madaniyatlar va qit’alar uchun universal avtomobil yaratishga qaratilgan o‘ylangan qadamdir», – deyiladi General Motors rasmiy relizida.

Avtomobilning uzunligi 4,65 metr, kengligi esa 1,79 metrni tashkil etib, 405 litr hajmdagi yukxona bilan ta’minlangan. Mintaqaga qarab turli kuch qurilmalari taklif etilmoqda: Yaqin Sharq uchun issiq iqlimga moslashtirilgan 1,5 litrli (113 ot kuchi) atmosferali dvigatel, Xitoy bozori uchun esa 1,3 litrli turbo motorli yumshoq gibrid (163 ot kuchi) versiyasi mavjud. Gibrid versiya shahar sharoitida taxminan 1 litr yoqilg‘i bilan 21 kilometr masofani bosib o‘tishi aytilmoqda.
Osiyo va Yaqin Sharqdagi rejalarga qaramay, Monza Braziliya bozoriga qaytmasligi kutilmoqda. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, ushbu mintaqada sedanlar bozori qisqargani sababli, GM asosiy e’tiborni Onix, Tracker va elektromobillar ishlab chiqarishga qaratgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan GM yangi avtomobilining tizerini e’lon qilgani haqida xabar bergan edi.