
Audi rahbari yangi sportkar bekor qilinmaganini ma’lum qildi. Bu haqda Motor1.com nashri xabar berdi. Model 2027-yilda taqdim etiladi.
Gap Audi Concept C haqida ketmoqda. Oldin Porsche elektr 718 loyihasini to‘xtatishi mumkinligi haqidagi mish-mishlar chiqqan edi.
Audi bosh direktori Gernot Dollner xodimlarga yo‘llagan ichki xatda loyiha davom etishini tasdiqlagan. Unga ko‘ra, platformani yetkazib berish masalasi shubha ostida emas.

Yangi model Porsche bilan hamkorlikda ishlab chiqilmoqda. Platforma faqat elektromobillar uchun mo‘ljallangan. Concept C yagona kuzov variantida taqdim etiladi. Unda elektr boshqaruvli targa tom saqlanib qoladi.
Audi ushbu modelni TT 2.0 deb atamoqda. U yangi dizayn tilini boshlab beradi va salon sifatini oshiradi. Shuningdek, ayrim jismoniy tugmalar qaytariladi.

Mutaxassislar sportkarlar bozori torayayotganini qayd etmoqda. To‘liq elektr format esa talabni yanada kamaytirishi mumkin.
Shunga qaramay, loyiha davom etmoqda. Volkswagen guruhi platformaga katta sarmoya kiritgani aytilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Audi E7X avtomobili taqdim etilgani haqida yozgan edi.