O‘zbekiston G‘azodagi tiklashlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor — Shavkat Mirziyoyev

eʼlon qilindi
Hududda turar joylar, bolalar bogʻchalari, maktab va kasalxonalar barpo etishga ko‘maklashadi
O‘zbekiston G‘azodagi tiklashlarga o‘z hissasini qo‘shishga tayyor — Shavkat Mirziyoyev / Foto: President.uz

Shavkat Mirziyoyev Tinchlik kengashining birinchi sammitida nutq so‘zlab, xalqaro hamkorlikni kuchaytirish hamda G‘azo mintaqasini tiklash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati ma’lum qildi.

Davlat rahbari so‘z boshida Donald Trampga sammitni chaqirgani uchun minnatdorlik bildirib, ushbu uchrashuv uning siyosiy irodasi va pragmatik yondashuvi natijasi ekanini ta’kidladi. O‘zbekiston Tinchlik kengashini tuzish tashabbusini qo‘llab-quvvatlagani hamda uning faoliyatida amaliy ishtirok etishga tayyor ekanini ma’lum qildi.

Nutqda qayd etilishicha, Kengash faoliyati G‘azo sektorini iqtisodiy va ijtimoiy jihatdan qayta tiklash uchun zarur sharoit yaratishga xizmat qiladi. Shu bilan birga, mintaqadagi har qanday tashqi boshqaruv mexanizmi aholi tomonidan ichki qo‘llab-quvvatlanishi muhimligi ta’kidlandi.

Prezident barcha tomonlarning muvofiqlashtirilgan sa’y-harakatlari mojarodan keyingi jarayonlarni barqarorlashtirish va hududni tez tiklash uchun muhim omil bo‘lishini qayd etdi. O‘zbekiston esa G‘azoda turar joylar, bolalar bog‘chalari, maktablar hamda shifoxonalar qurilishiga imkon qadar hissa qo‘shishga tayyorligini bildirdi.

«Biz Yangi Gʻazoni – iqtisodiyoti farovon, aholi uchun munosib turmush sharoitlariga ega boʻlgan mintaqani barpo etish uchun ushbu tarixiy imkoniyatdan foydalanishimiz zarur», — deydi davlt rahbari.

Yakunda davlat rahbari sammit xalqaro birdamlik va tinchlikka intilish ramzi ekanini ta’kidlab, Yangi G‘azoda munosib turmush sharoitlari yaratilgan hududni barpo etish uchun mavjud tarixiy imkoniyatdan foydalanish kerakligini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekiston ham G‘azoga yordam paketiga mablag‘ ajratgani haqida yozgan edik.

Shuningdek