O‘zbekistonda 4 ming km yo‘l zamonaviy tezyurar magistralga aylantiriladi

O‘zbekistonda 4000 kilometr magistral yo‘llar rekonstruksiya qilinib, xalqaro talablarga mos «avtoban” darajasiga olib chiqiladi. Bu haqda 16-fevral kuni qabul qilingan va 2026-yilga mo‘ljallangan davlat dasturida belgilab qo‘yilgan.
4 ming km yo‘l «avtoban» bo‘ladi
Hukumat Andijon — Qo‘ng‘irot, Toshkent — Termiz, Samarqand — Shahrisabz hamda Olot — Sariosiyo yo‘nalishlarini bosqichma-bosqich modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda. Mazkur yo‘llar yuqori sifatli qoplama, har bir yo‘nalishda kamida ikki harakatlanish yo‘lagi, ajratuvchi to‘siqlar va boshqa yo‘llar bilan bir sathda kesishmaslik kabi talablarga javob beradigan zamonaviy «avtoban» ko‘rinishiga keltiriladi.
Ushbu chora-tadbirlar mamlakatning tranzit salohiyatini oshirish, hududlar o‘rtasidagi transport aloqalarini yaxshilash va yo‘llar xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Toshkent — Samarqand pulli trassasi quriladi
Toshkent — Samarqand yo‘nalishida yangi pulli avtomobil yo‘li qurilishi rejalashtirilgan. Loyihaga xorijiy hamkorni 15-martga qadar jalb qilish, sentabrgacha kelishuv imzolash va 2026-yil 1-dekabrdan qurilish ishlarini boshlash ko‘zda tutilgan.
Shuningdek, Toshkent — Andijon yo‘nalishida pulli trassa qurilishi bo‘yicha tenderning ikkinchi bosqichi 1-iyuldan o‘tkaziladi. Qarshi — Shahrisabz — Kitob hamda Pungan — Namangan yo‘nalishlaridagi yo‘llarni qayta qurish ishlari ham boshlanadi. Qo‘shimcha ravishda 1,2 ming kilometr yo‘l rekonstruksiya qilinadi.
A-373 Guliston — Bo‘ka — Angren — Qo‘qon — Andijon avtomobil yo‘lining 0–37 kilometrlik qismi xalqaro moliya institutlari mablag‘lari hisobidan ta’mirlanadi.
Hududlarda yo‘llar va ko‘priklar yangilanadi
Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Buxoro, Qashqadaryo va Surxondaryo viloyatlarida xalqaro va davlat ahamiyatiga ega 220 kilometr, shuningdek, mahalliy ahamiyatdagi 80 kilometr yo‘l rekonstruksiya qilinadi. Yangilangan yo‘llar 13 tonnagacha yuklama ko‘tarish imkoniyatiga ega bo‘ladi.
Hududiy dasturlar doirasida 190 kilometrdan ortiq umumiy foydalanishdagi avtomobil yo‘llari ta’mirlanadi va rekonstruksiya qilinadi. Bundan tashqari, 30 dan ziyod ko‘prik inshootlari qayta quriladi va ta’mirdan chiqariladi.
Mahallalardagi ichki ko‘chalar ham e’tiborda
Dasturda mahallalar ichidagi yo‘llarni yaxshilash masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan. «Mahalla budjeti» jamg‘armasi va boshqa manbalar hisobidan 329 ta mahallada ichki ko‘chalar shag‘allashtiriladi va ta’mirlanadi.
Shuningdek, ayrim hududlarda og‘ir yuk tashuvchi transport vositalarining ichki ko‘chalarda harakatini cheklash masalasi ko‘rib chiqiladi. Bu yo‘l qoplamasini saqlash va aholi xavfsizligini ta’minlashga xizmat qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan ko‘chalarga panjara o‘rnatish masalasida Toshkent hokimiga so‘rov yuborilgani haqida yozgandi.