eBay 1,2 mlrd dollar evaziga Etsy’dan Depop platformasini sotib olmoqda

eʼlon qilindi
Kelishuvdan so‘ng ikkala kompaniyaning ham aksiyalari narxi ko‘tarildi
Foto: Value Added Resource

eBay kompaniyasi yoshlar orasida ommalashgan Depop kiyim-kechak sotish platformasini Etsy onlayn-do‘konidan qariyb $1,2 mlrdga sotib olmoqda. Bitim joriy yilning ikkinchi choragida yakunlanishi kutilmoqda.

Etsy ushbu platformani 2021-yilda $1,6 mlrdga xarid qilgan edi. Kelishuv e’lon qilingach, 19-fevral kungi ochiq savdolarda Etsy aksiyalari 10 foizdan ziyodga, eBay aksiyalari esa qariyb 3 foizga qimmatlagan. eBay aksiyalarining o‘sishiga kompaniyaning to‘rtinchi chorakdagi kutilganidan yuqori bo‘lgan moliyaviy natijalari ham turtki bergan.

Foto: eBay Inc.

eBay ushbu xarid orqali yosh auditoriyani jalb qilishni hamda ikkilamchi savdo bozoridagi o‘z pozitsiyasini mustahkamlashni ko‘zlamoqda. O‘tgan yili Depop tarmog‘idan 7 mln faol xaridor foydalangan va ularning qariyb 90 foizini 34 yoshgacha bo‘lgan qatlam tashkil etgan. Kelishuvdan so‘ng platforma o‘zining asl nomini saqlab qoladi.

«Yosh avlod tarixga ega kiyimlarga ko‘proq e’tibor qaratib, barqaror iste’mol va shaxsiy kiyimlardan qayta foydalanishni targ‘ib qilmoqda», — dedi eBay bosh direktori Jeymi Iannone.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan McDonald’s 80-yillardagi o‘yinchoqlarini qayta chiqarishi haqida xabar bergan edi.

Shuningdek