Shvetsiya beshta orolini tekinga sovg‘a qilmoqda — o‘zbekistonliklar ham qatnashishi mumkin

Shvetsiyaning rasmiy turizm va sayohat bo‘yicha ma’lumotlar portali Visit Sweden «tabiatda erkinlik va mas’uliyatni qadrlash»ni targ‘ib qilish maqsadida beshta shaxsiy orolni sovg‘a qilmoqda. Shu bilan birga, milliarderlarga ariza berish taqiqlangan. Bu haqda Euronews nashri xabar berdi.
Shartlar va imkoniyatlar
- G‘alaba qozongan shaxs orolning rasmiy boshqaruvchisi bo‘ladi, lekin orol uning mulkiga aylanishi yoki uni nomlash huquqi berilmaydi.
- Bir yil davomida orolda sayr qilish, suzish, do‘stlarni taklif qilish va tabiatdan bahramand bo‘lish mumkin, ammo mahalliy hayvonot va o‘simliklarga hurmat ko‘rsatish zarur.
- Shvetsiyada «Ommaviy kirish huquqi» qonun bilan himoyalangan, shuning uchun boshqa odamlar ham orolga kelishi yoki o‘tishi mumkin.
Qanday qilib ishtirok etish mumkin
Sovringa beshta orol – Medbadan, Flisan, Storberget, Tjuvholmen va Marsten qo‘yilgan. G‘oliblar Shvetsiyaga ikki kishilik sayohat bilan borish huquqini ham qo‘lga kiritadi.
Arizani topshirish uchun:
- 1 daqiqadan oshmaydigan video tayyorlab, nima uchun siz orolga loyiq ekaningizni tushuntiring.
- Ijtimoiy tarmoqlarda #YourSwedishIsland heshtegi bilan ulashish imkoniyatlaringizni oshiradi.
Arizalar shu yilning 17-apreligacha qabul qilinadi, g‘oliblar may oyida e’lon qilinadi.
Eslatma: musobaqaga 18 yoshdan katta barcha xalqaro sayohatchilar ishtirok etishi mumkin, lekin milliarderlarga taqiqlanadi. Visit Sweden maqsadi mukammal hashamatni moddiy boylikda emas, balki tabiatda soddalik, sokinlik va erkinlikda ko‘rishdir.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan sayohat erkinligi bo‘yicha eng kuchli pasportlar reytingi e’lon qilingani haqida yozgandi.