Netflix «Shelbilar oilasi: O‘lmas odam» filmining to‘liq treylerini taqdim etdi

Netflix platformasi «Shelbilar oilasi: O‘lmas odam» (Peaky Blinders: The Immortal Man) to‘liq metrajli filmining rasmiy treylerini ommaga e’lon qildi. Asosiy yulduz Killian Myorfi yana Tommi Shelbi rolida namoyon bo‘ladi va bu safar o‘zining noqonuniy o‘g‘liga qarshi kurashadi.
Treylerda voqealar Ikkinchi jahon urushi davrida, Angliyadagi tartibsizliklar fonida yuz berishi ko‘rsatilgan. Barri Keogan Tommi Shelbining noqonuniy o‘g‘li ulg‘aygan Dyuk Shelbi rolini o‘ynaydi hamda ayni paytda jinoiy guruhni boshqarmoqda.

«Sening lo‘li o‘g‘ling Peaky Blinders guruhini xuddi 1919-yildagidek boshqarmoqda», – deydi Ada Shelbi rolidagi Sofi Rendl Tommiga qarata.
Tommi o‘z shahrini qutqarish uchun eski, qonli turmush tarziga qaytishga majbur bo‘ladi. Aktyorlar tarkibidan Tim Rot, shuningdek, Stiven Grem, Ned Dennehi kabi eski qahramonlar joy olgan. Loyihaga Rebekka Fergyuson va Jey Likurgo kabi yangi nomlar ham qo‘shilgan.
Filmni original serialning bir nechta epizodlariga rejissyorlik qilgan Tom Xarper suratga olmoqda. Film premyerasi 20-mart kuni Netflix platformasida bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan.
Shuningdek, Netflix va BBC tomonidan serialning mantiqiy davomi bo‘lgan yana ikkita mavsum suratga olinishi tasdiqlangan. Loyiha muallifi Stiven Naytning ta’kidlashicha, serialning yangi davri voqealari urushdan keyingi Birmingem shahrining qayta qurilishi jarayonidagi shafqatsiz kurashlar haqida hikoya qiladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Merlin» seriali aktyorlari bugun qanday ko‘rinishdaligi haqida xabar bergan edi.