O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq aholi kriptoplatformalarda ro‘yxatdan o‘tdi

O‘zbekistonda 661 mingdan ortiq rezident kriptoaktivlar aylanmasi sohasidagi rasmiy xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar ro‘yxatidan o‘tdi. Bu haqda Istiqbolli loyihalar milliy agentligi xabar bermoqda.
Taqdim etilgan ma’lumotlarga ko‘ra, bugungi kunda mamlakatda 21 ta litsenziyalangan provayder ishlamoqda. Ulardan uchtasi kriptobirja, 12 tasi kriptodo‘kon va oltitasi kriptodepozitariy hisoblanadi.

Xizmat ko‘rsatuvchi provayderlar orqali ro‘yxatdan o‘tgan mijozlarning umumiy soni 663 691 nafarga yetgan. Ulardan 661,8 ming nafari O‘zbekiston rezidentlari bo‘lsa, yana 1,8 ming nafari norezidentlardir.
Raqamli aktivlarni chiqarish qismida ikkita emitentning faoliyati qayd etilgan. Chiqarilgan tokenlarning umumiy soni 2,1 mlndan oshgan. Shundan 16,97 mlni ta’minlangan tokenlar va 4,1 mlni utilitar tokenlardir. 2022-2025 yillarda byudjetga davlat bojlari ko‘rinishida 79,05 mlrd so‘m tushgan. Yana 28,02 mlrd so‘m har oylik yig‘imlar hissasiga to‘g‘ri keladi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan mamlakatda kriptovalyuta mayningi uchun ruxsat berilgani haqida xabar bergan edi.