Yangi Toshkentda «boylar shaharchasi» qurilayotgani haqidagi xabarlar rad etildi

Ijtimoiy tarmoqlarda Yangi Toshkent loyihasida $2–3 mlnlik villalardan iborat «boylar shaharchasi» barpo etilayotgani haqida xabarlar tarqaldi. Yangi Toshkent shahrini barpo etish direksiyasi bu ma’lumotlarni rad etdi.
Rasmiy bayonotga ko‘ra, loyiha doirasida hech qanday «boylar shaharchasi» rejalashtirilmagan. Xususan, birinchi bosqich maketida ko‘rsatilgan kottejlar kelgusida O‘zbekistondagi xorijiy davlatlar elchilari hamda xalqaro tashkilotlar vakillari uchun xizmat turar joyi sifatida mo‘ljallangan.
Hozirda Yangi Toshkentning birinchi bosqichi doirasida 6 ming gektar hududda qurilish ishlari olib borilmoqda. 2033-yilgacha 600 ming aholi uchun zamonaviy infratuzilma yaratish rejalashtirilgan. Loyiha to‘liq yakunlangach, shahar 2 mln aholi yashaydigan megapolisga aylanishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Senat raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev yangi Toshkent poytaxt infratuzilmasidagi bosimni kamaytirishini ma’lum qilgandi.
Uning ta’kidlashicha, Yangi Toshkentni qurish bo‘yicha qabul qilingan qaror bugungi zamon talablari va mamlakatning uzoq muddatli rivojlanish maqsadlaridan kelib chiqqan holda qabul qilingan muhim qadamdir. Loyihaning amalga oshirilishi hozirgi Toshkent shahridagi ortiqcha yukni kamaytirib, poytaxt infratuzilmasi va ekologik muhitiga sezilarli yengillik beradi.