Endilikda chiqindi uchun haq faqat amalda ko‘rsatilgan xizmatga qarab olinadi

eʼlon qilindi
Yangi mexanizm bilan aholi istalgan vaqtda va istalgan joydan to‘lovni amalga oshirishi, cheklarni elektron shaklda yuklab olishi mumkin
O‘zbekiston hududi bir oyda 422 ming tonnadan ortiq chiqindidan tozalandi
Foto: Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligi

Shu yilning 1-yanvaridan aholidan chiqindi uchun to‘lov faqat, haqiqatan ham, ko‘rsatilgan xizmat uchun undiriladi. Barcha hisob-kitoblar onlayn tarzda amalga oshiriladi.

Yangi mexanizm bilan aholi istalgan vaqtda va istalgan joydan to‘lovni amalga oshirishi, cheklarni elektron shaklda yuklab olishi mumkin. Mablag‘lar bevosita davlat nazoratidagi Chiqindilarni boshqarish va sirkulyar iqtisodiyotni rivojlantirish agentligining maxsus hisob raqamiga yo‘naltiriladi. Keyinchalik operatorlarga haq mahallalardan olib chiqilgan chiqindi hajmi va maxsus texnikaning bosib o‘tgan kilometri asosida to‘lanadi, ya’ni pul faqat real xizmat uchun ishlatiladi.

Har oy sanitariya korxonalari ishlashi baholanib, sifat darajasiga qarab «yashil», «sariq» yoki «qizil» toifaga ajratiladi. Sifatsiz xizmat ko‘rsatgan korxonalarga jarima solinadi yoki shartnomasi bekor qilinadi. Hozirga qadar 14 korxona «qizil» toifaga tushgan va ikkitasi bilan shartnoma bekor qilingan. Shuningdek, amalda ko‘rsatilmagan xizmatlar uchun hisoblangan 11,9 milliard so‘mlik noreal qarzdorlik tizimdan chiqarilgan.

Yagona «Toza makon» elektron billing tizimiga 9,4 mingdan ortiq mahalla va 7,1 million abonent kiritilgan. Elektron xaritada 3,6 ming chiqindi yig‘ish joyi ro‘yxatga olingan, 3,2 mingta maxsus texnika (parkning 94%) GPS orqali kuzatilmoqda. 2030-yilga qadar kuzatuv tizimi butun mamlakatni qamrab olishi rejalashtirilgan.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan chiqindidan qarzdor 199 ming abonentga elektr cheklovi qo‘yilgani haqida yozgandi.

Shuningdek