O‘zbekistonda nechta «avtomoyka» borligi ochiqlandi

2026-yilning 1-fevral holatiga ko‘ra, O‘zbekistonda avtomobillarni yuvish bilan shug‘ullanuvchi yuridik shaxslar soni 3,1 mingtani tashkil etadi. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi xabar bermoqda.
Taqdim etilgan raqamlarga ko‘ra, joriy yilning fevral oyi boshida mamlakatdagi bunday korxonalar soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 504 taga yoxud 19,3 foizga ko‘paygan. Ta’kidlanishicha, ushbu statistika faqatgina yuridik shaxs maqomini olgan tadbirkorlik subyektlarini qamrab olgan bo‘lib, jismoniy shaxslar hisobga olinmagan.

Hududlar kesimida tahlil qilinganda, eng ko‘p «avtomoyka» Xorazm viloyatida (399 ta) faoliyat yuritmoqda. Undan keyingi o‘rinlarni Toshkent shahri (366 ta) hamda Farg‘ona viloyati (310 ta) egallagan. Shuningdek, Toshkent (299 ta) va Samarqand (276 ta) viloyatlarida ham yuqori ko‘rsatkichlar qayd etilgan.
Respublika bo‘yicha eng kam ko‘rsatkich Sirdaryo (81 ta), Andijon (121 ta) hamda Navoiy (125 ta) viloyatlariga to‘g‘ri keladi. Qolgan hududlarda, xususan, Surxondaryo, Qashqadaryo, Buxoro, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Namangan va Jizzax viloyatlarida mazkur turdagi korxonalar soni 156 tadan 258 tagacha bo‘lgan oraliqda shakllangan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan AYOQShlarda benzin sifatini tekshiruvchi uskunalar o‘rnatilishi haqida xabar bergan edi.