Tergov hibsxonasida saqlangan fuqaro shifoxonaga olib borilayotganda vafot etdi

Samarqand viloyatining Kattaqo‘rg‘on tumanidagi 7-sonli tergov hibsxonasida saqlanayotgan 35 yoshli Qodirjon Xayrullayev shifoxonaga olib ketilayotganda hayotdan ko‘z yumdi. Ichki ishlar vazirligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, uning o‘limi 2-tip qandli diabetning og‘ir asoratlari bilan bog‘liq bo‘lib, badanida hech qanday tashqi jarohat izlari aniqlanmagan.
Xayrullayev Kattaqo‘rg‘on tumani gaz ta’minoti korxonasida sobiq bo‘lim boshliqlaridan biri sifatida faoliyat yuritgan. U 21-fevral kuni soat 17:35 atrofida Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan pora berish bilan ayblanib hibsga olingan edi. Shu kuni uning sog‘lig‘i yomonlashgani sababli soat 18:00 larda shifoxonaga olib borish vaqtida vafot etgan.
Ayblanuvchi 18-fevral kuni kasalligi sababli shifoxonaga olib chiqilgan va unga akasi bilan uchrashuv tashkil qilingan. Shifokorlar 20-fevral kuni sog‘lig‘i qoniqarli deb topib, hibsxonaga qaytarilgan. Marhumning sog‘lig‘i oldindan nazorat qilingan bo‘lsa-da, shifoxonaga olib borish vaqtida uning holati keskin yomonlashgan.
Hozirda holat bo‘yicha Kattaqo‘rg‘on tumani prokuraturasi tomonidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan it bolalarining qulog‘ini yulib olgan shaxsga 10 sutka qamoq jazosi berilgani haqida yozgandi.