Toshkentdagi Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilishi sabab 12 tup daraxt olib tashlandi

eʼlon qilindi
Tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 351 mln 230 ming so‘mni tashkil etgan
Toshkentdagi Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilishida 12 tup daraxt olib tashlandi
Foto: Kusherbayev Telegram-kanali

Toshkent shahridagi Ritz-Carlton mehmonxonasi qurilishida 12 tup daraxt olib tashlandi. Bu haqda Rasul Kusherbayev Telegram kanalida ma’lum qildi.

Aytilishicha, mazkur hududda daraxtlarni kesishga qo‘yilgan moratoriy talablariga zid ravishda ish olib borilgan. Hozirda maydondagi boshqa daraxtlarning ham kesilgani yoki zarar ko‘rgani bo‘yicha o‘rganish ishlari davom etmoqda.

Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu yer maydoni qurilish uchun ozarbayjonlik investorlar ixtiyoriga berilgan. Qurilish ishlari mehmonxona loyihasi doirasida amalga oshirilmoqda.

Voqea joyida bo‘lgan fuqarolar va faollar qurilish kompaniyasi hududda daraxtlar kesilishi jarayonini videotasvirga olishga qarshilik ko‘rsatayotganini bildirgan.

Foto: Kusherbayev Telegram-kanali

Ma’lum bo‘lishicha, daraxtlar kesilishi amaldagi moratoriy talablariga zid ravishda amalga oshirilgan. Holat Ekologiya qo‘mitasi xodimlari tomonidan o‘rganilgan.

Olib borilgan hisob-kitoblarga ko‘ra, tabiatga yetkazilgan zarar miqdori 351 mln 230 ming so‘mni tashkil etgan.

Zarar miqdori yirik bo‘lgani sababli tegishli hujjatlar rasmiylashtirilib, huquqiy baho berish uchun prokuratura organlariga yuborilgan. Endilikda ish bo‘yicha qaror prokuratura tomonidan qabul qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan Surxondaryo viloyatidagi «Bobotog‘» davlat o‘rmon xo‘jaligi hududida fuqaro tomonidan O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan Buxoro tog‘ qo‘yi noqonuniy ovlangani haqida yozgan edi.

Shuningdek