
BYD’ning yirik o‘lchamli BYD Denza B8 SUV modeli ANCAP xavfsizlik va to‘qnashuv sinovlarida maksimal 5 yulduz bahosini qo‘lga kiritdi. Bu haqda CarNewsChina nashri xabar bermoqda.
Model turli ssenariylarda yuqori darajadagi himoyani namoyish etgan. Xitoy bozorida ushbu avtomobil Fang Cheng Bao Leopard 8 (Bao 8) nomi bilan sotiladi.

Denza B8 Xitoyda 2024-yil noyabr oyida 379,8 ming yuan (taxminan $54 ming)dan boshlab sotuvga chiqqan. U 5,2 metr uzunlikdagi yo‘ltanlamas bo‘lib, 310 mmgacha klirensga ega. Xitoy versiyasida plug-in gibrid tizim umumiy 550 kVt (738 ot kuchi) quvvat ishlab chiqaradi. Model yaqinda Avstraliya bozorida ham 6 va 7 o‘rinli variantlarda buyurtma uchun ochildi.
ANCAP sinovi natijalari
Denza B8 bolalar xavfsizligi segmentida eng yuqori natijani ko‘rsatib, 95 foiz ball oldi. Avtomobil frontal va yon to‘qnashuv testlarida yaxshi himoya ta’minladi. Biroq uchinchi qatorda bolalar o‘rindiqlari uchun yuqori tasmalar mavjud emasligi sababli ayrim ballarni yo‘qotdi. Shu bois uchinchi qatorda bolalar o‘rindig‘ini o‘rnatish tavsiya etilmaydi.

Katta yo‘lovchilar xavfsizligi bo‘yicha model 86 foiz natija ko‘rsatdi. To‘liq frontal to‘qnashuvda haydovchining bo‘yin va ko‘krak qismi yetarli darajada himoyalangan. Ammo qiyshiq ustun bilan to‘qnashuv testida himoya darajasi pastroq baholangan.
Yo‘lning zaif ishtirokchilari segmentida 75 foiz ko‘rsatkich qayd etildi. Old oynaning qattiq ustunlari va kapot chetida himoya aralash natijalarni ko‘rsatgan. Tos sohasini himoya qilish darajasi esa past deb baholangan.
Xavfsizlik yordam tizimlari bo‘yicha Denza B8 78 foiz natija oldi. AEB tizimi testlarda yaxshi ishlagan. Biroq haydovchi chalg‘igan, charchagan yoki javob bermagan holatlarda tizim harakatga aralashmaydi. Shuningdek, yo‘lakdan chiqish haqida ogohlantirish tizimi ANCAP sinovida muvaffaqiyatsiz natija ko‘rsatgan.

Texnik ma’lumotlar
Denza B8 ramali konstruksiyaga ega yirik SUV bo‘lib, o‘lchamlari 5195/1994/1905 mm, g‘ildirak bazasi 2920 mm. U DiSus-P aqlli osma tizimi va 310 mm klirens bilan jihozlangan.
Avstraliya versiyasida 2 litrli dvigatel 145 kVt (194 ot kuchi) ishlab chiqaradi va ikki elektromotor bilan birga ishlaydi. Elektromotorlar 200 kVt (268 ot kuchi) va 300 kVt (402 ot kuchi) quvvat beradi. Tizimning umumiy quvvati 425 kVt (570 ot kuchi)ni tashkil etadi.
Model 36,8 kVt/soat sig‘imli LFP Blade batareyaga ega va 91 litrli yoqilg‘i baki bilan jihozlangan. NEDC standarti bo‘yicha umumiy aralash yurish zaxirasi 1 040 kmga yetadi. 0 dan 100 km/soatga tezlanish 4,8 soniyani tashkil etadi. Avtomobil 3 500 kg yukni tortish imkoniyatiga ega.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri BYD Song Ultra elektromobili qanday narxda sotilishi haqida yozgan edi.