O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi, Yunusobodda fosh etilgan 9 mln dollarlik yer savdosi — 23-fevral kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar

O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi, Yunusobodda fosh etilgan 9 mln dollarlik yer savdosi — 23-fevral kuni e’lon qilingan muhim yangiliklar Kursiv Uzbekistan dayjestida.
O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi

O‘zbekistonning uch hududida 5 ta quduqdan gaz chiqdi. Bu haqda «O‘zbekneftgaz» AJ matbuot kotibi ma’lum qildi.
Ma’lum qilinishicha, Qashqadaryo viloyatining Muborak tumanida joylashgan Yangi Kultak konida 5-son qidiruv hamda 10-son baholovchi ishlab chiqarish quduqlaridan sanoat ahamiyatiga ega gaz oqimi olindi. Burg‘ulash ishlari 3200 metr chuqurlikkacha olib borilgan. Hozirda har bir quduqdan kuniga taxminan 245 ming metr kub tabiiy gaz olinayotgani aniqlangan. Ajratib olinayotgan gaz Muborak neft va gaz qazib chiqarish boshqarmasiga yuborilmoqda.
Yunusobodda 9 mln dollarlik yer savdosi fosh etildi

Toshkent shahrining Yunusobod tumanida $9 mlnlik yer savdosi fosh etildi. Bu haqda Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) xabar bermoqda.
Ta’kidlanishicha, 1953-yilda tug‘ilgan, muqaddam bir necha bor sudlangan ayol 1982-yilda tug‘ilgan tanishi bilan til biriktirib, noqonuniy yer savdosiga uringan.
24 – 27-fevral kunlari oltita viloyatda qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi

2026-yil 24 – 27-fevral kunlari kutilayotgan yog‘ingarchilik va havo haroratining o‘zgarishi sababli respublikaning tog‘li hududlarida qor ko‘chish xavfi e’lon qilindi. Bu haqda «O‘zgidromet» xabar berdi.
Samarqandda 402 million so‘mlik tabiiy gazdan noqonuniy foydalangan novvoyxona aniqlandi

Samarqand shahrida o‘tkazilgan nazorat tadbiri davomida fuqaroga qarashli novvoyxona tarmoqqa o‘zboshimchalik bilan ulanib, tabiiy gazdan noqonuniy foydalanib kelayotgani aniqlandi. Bu haqda «O‘zenergoinspeksiya» xabar bermoqda.
Qoidabuzarlik holati «O‘zenergoinspeksiya»ning Samarqand viloyati hududiy boshqarmasi va mahalliy gaz ta’minoti korxonasi vakillari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir natijasida aniqlangan. Novvoyxona egasi tegishli ruxsatnomalarsiz gaz tarmog‘iga ulanib olgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, gaz ta’minoti korxonasiga 402,3 mln so‘mlik zarar yetkazilgan.
Ichki valyuta bozori: yanvarda so‘m 1,4 foizga qadrsizlandi

Yanvar oyida valyuta kursi 12 025 – 12 199 so‘m diapazonda shakllanib, 1,4 foizga qadrsizlandi. Bu haqda Markaziy bank ichki valyuta bozori haqidagi tahlilida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, 2026-yil yanvar oyida ichki valyuta bozorida sotib olingan xorijiy valyutaning asosiy qismi ishlab chiqarish uchun asbob-uskunalar, tovarlar va xomashyo importiga yo‘naltirildi. Bu ulush 49,1 foizni tashkil etdi. 25,3% mablag‘ xorijiy valyutadagi kreditlarni so‘ndirishga sarflandi. 21,3% xalq iste’moli tovarlari va dori-darmon importiga to‘g‘ri keldi. 0,4% xorijiy investorlar daromadlarini qaytarishga, 3,9% esa boshqa maqsadlarga yo‘naltirildi.
Sankt-Peterburgda O‘zbekiston fuqarosi 7-qavatdan yiqilgan bolani qutqardi

Sankt-Peterburgda 7-qavatdan yiqilayotgan bolaning hayotini 36 yoshli o‘zbekistonlik Xayrullo Ibodullayev saqlab qoldi. Bu haqda 78.ru nashri xabar berdi.
BAFTA 2026: eng yaxshi film va g‘olib aktyorlar e’lon qilindi
Buyuk Britaniyada 2026-yilgi BAFTA mukofotining taqdirlash marosimi o‘tkazilib, yilning eng yaxshi filmlari va aktyorlari aniqlandi. Bu haqda CNN axborot agentligi ma’lum qildi.
«Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» ko‘krak nishoni kimlarga beriladi

Hukumat qarori bilan «Yangi O‘zbekiston bunyodkorlari» ko‘krak nishoni to‘g‘risidagi nizom tasdiqlandi. Ushbu hujjat ko‘krak nishoni bilan taqdirlash tartibini belgilaydi.
Nizomga ko‘ra, nomzodlar Iqtidorli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash hamjamiyati doirasida shakllantiriladi. Ular orasida «El-yurt umidi» jamg‘armasi stipendiatlari, maktablar, prezident maktablari va «Yangi O‘zbekiston» universiteti bitiruvchilari, «Prezident iqtidorli farzandlari» tashabbusi ishtirokchilari hamda nufuzli xorijiy ta’lim muassasalarida tahsil olgan vatandoshlar bor.
Urganch shahriga 16 ta zamonaviy Asiastar avtobusi olib kelindi

Xorazm viloyatida aholiga ko‘rsatilayotgan jamoat transporti sifatini oshirish doirasida Urganch shahriga Xitoyda ishlab chiqarilgan 16 ta Asiastar rusumli avtobus olib kelindi. Bu haqda Transport vazirligi xabar berdi.