Honor’dan yangi Robot Phone va Motorola’dan ingichka Edge 70 Fusion — texnodayjest

HUAWEI Band 11 Pro brasletini, Honor esa Magic V6 va Robot Phone’ni taqdim etdi. Eng so‘nggi gadjetlar bilan Kursiv Uzbekistan’ning texnodayjestida tanishing.
Ushbu maqolada quyidagilar bilan tanishasiz:
— Honor Magic V6 va Robot Phone
— To‘q qizil rangli iPhone 18 Pro
— Apple uchun aloqani kuchaytiruvchi g‘ilof
HUAWEI Band 11 Pro brasleti
HUAWEI kompaniyasi o‘zining yangi Band 11 hamda Band 11 Pro aqlli brasletlarini rasman taqdim etdi. Ikkala qurilma ham o‘xshash texnik xususiyatlarga ega bo‘lib, asosan korpus materiali va o‘lchamlari bilan farqlanadi. Bu haqda rasmiy ma’lumotlarga tayanib xabar berilmoqda.

Ikkala model ham 286×482 ruxsatli 1,62 dyuymli sensorli AMOLED ekran hamda suvdan 5ATM standartida himoyalanish xususiyatiga ega. Qurilmalarga 9 o‘qli datchik, yurak urish tezligi va yorug‘lik sensorlari o‘rnatilgan. Trekerlar Android 9.0 hamda iOS 13.0 tizimlaridan boshlab barcha qurilmalarga mos keladi.

Brasletlarga 300 mA/soat sig‘imli akkumulyator o‘rnatilgan bo‘lib, ular tejamkor rejimda 14 kungacha ishlay oladi. Standart rejimda quvvat 8 kunga, «Always-On Display» funksiyasi yoniq holatda esa 3 kunga yetadi.

HUAWEI Band 11 alyuminiy yoki polimer korpusda (16-17 gramm) 5 xil rangda taklif etiladi va Xitoy bozorida uning narxi 43 dollarni tashkil qiladi. Faqat alyuminiy korpusda (18 gramm) ishlab chiqariladigan Band 11 Pro modeli esa uch xil rangda 80 dollardan sotuvga chiqariladi.
Honor Magic V6 va Robot Phone
Honor kompaniyasi 2026-yil 1-mart kuni Mobile World Congress doirasida o‘zining global taqdimotini o‘tkazishini e’lon qildi. Tadbirda asosiy e’tibor buklanuvchi Honor Magic V6 flagmani va noodatiy Honor Robot Phone qurilmasiga qaratiladi. Bu haqda rasmiy bayonotda aytilishicha.

Taqdimot doirasida kompaniya boshqa yangi mahsulotlar va texnologik yechimlarni ham namoyish etishni rejalashtirgan. PNM-AN10 va PNM-AN20 modellari 3C sertifikatidan o‘tgan bo‘lib, IMEI bazasiga ko‘ra ular aynan Magic V6 modeliga tegishli ekani tasdiqlangan.

Buklanuvchi smartfon 7000 mA/soat sig‘imli akkumulyator bilan jihozlanishi kutilmoqda. Bu ko‘rsatkich 2026-yil uchun o‘z segmentidagi eng yuqorilaridan biri hisoblanadi.
Motorola Edge 70 Fusion

Motorola kompaniyasining yangi Edge 70 Fusion smartfoni qalinligi atigi 7,99 mm bo‘lishiga qaramay, o‘zida 7000 mA/soat sig‘imli kremniy-uglerod batareya va 68 Vt tezkor quvvatlanish tizimini jamlagan. Qurilmaning orqa panelida optik barqarorlashtirish tizimiga ega 50 megapikselli asosiy kamera, old qismida esa 32 megapikselli selfi kamerasi o‘rnatilgan. Ishlab chiqaruvchining qayd etishicha, barcha kameralar 4K formatida video yozib olishni qo‘llab-quvvatlaydi.


Displey xususiyatlariga ko‘ra, telefon 1,5K ruxsatli va 144 Hz yangilanish chastotasiga ega to‘rt tomoni egilgan AMOLED ekran bilan jihozlanadi. Ekran yorqinligi 5200 nitga yetishi va u old panelning 96,2 foizini egallashi ma’lum qilingan. Shuningdek, Smart Water Touch 3.0 texnologiyasi yordamida ekranni ho‘l barmoqlar bilan ham muammosiz ishlatish imkoniyati taqdim etiladi.
To‘q qizil rangli iPhone 18 Pro

Bloomberg nashri jurnalisti Mark Gurman xabariga ko‘ra, Apple iPhone 18 Pro va iPhone 18 Pro Max modellarini yangi rangda taqdim etishni ko‘rib chiqmoqda. Gap to‘q qizil, ya’ni «bordoviy» rang haqida bormoqda.
Ma’lumotlarga ko‘ra, kompaniya aynan to‘q qizil rang variantini sinovdan o‘tkazmoqda. Agar bu tasdiqlansa, Pro va Pro Max modellari ilk bor qizil rangga yaqin tusda chiqariladi. So‘nggi bor Apple qizil rangni iPhone 14 va iPhone 14 Plus modellarida taklif qilgan edi. Yangi rang esa yorqin qizildan ko‘ra, to‘q qizil tusiga yaqinroq bo‘lishi kutilmoqda.
Oldinroq iPhone 18 Pro uchun binafsha va jigarrang ranglar ham ko‘rib chiqilayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi. Biroq Gurman bu ranglar aslida qizil rangning turli soyalariga o‘xshash variantlar bo‘lishi mumkinligini aytgan.
Apple uchun aloqani kuchaytiruvchi g‘ilof

Apple kompaniyasi sun’iy yo‘ldosh orqali aloqa imkoniyatini yaxshilaydigan yangi g‘ilof ustida ish olib bormoqda. Bu haqda GSMArena texnonashri ma’lum qildi. Unga ko‘ra, mazkur g‘ilof iPhone va iPad’lar uchun mo‘ljallangan bo‘lib, ichki antennalari yordamida sun’iy yo‘ldosh signallariga ulanib, signal sifatini kuchaytirishi kutilmoqda.

G‘ilofning bir qismi ochilib, ichki fazali antenna massivini osmonga yo‘naltiradi. Bu foydalanuvchi telefonni ushlasa ham signal to‘silmasligini ta’minlaydi, chunki antennalarni o‘z ichiga olgan qismga tegilmaydi. Shu tarzda foydalanuvchi g‘ilofni oddiy himoya vositasi sifatida ishlatishi va kerak bo‘lsa olib tashlashi mumkin.