Ilon Mask va Jeff Bezos 2028-yilda Samarqandga tashrif buyurishi mumkin

Raqamli texnologiyalar vazirligi huzuridagi «O‘zbekkosmos» agentligi tomonidan 2028-yilda Samarqandda o‘tkazilishi rejalashtirilgan Xalqaro astronavtika kongressiga dunyoning yetakchi texnologiya va kosmik kompaniyalari rahbarlari, jumladan, Ilon Mask va Jeff Bezos taklif qilinadi. Bu haqda agentlik direktori o‘rinbosari Muhiddin Ibragimov O‘zbekiston 24 telekanaliga bergan intervyusida ma’lum qildi.
Ilon Mask va Jeff Bezos kosmik sanoatning yetakchi shaxslari bo‘lib, Mask SpaceX orqali, Bezos esa Blue Origin kompaniyasi orqali koinot tadqiqotlari va raketa texnologiyalarini rivojlantirish bilan shug‘ullanadi.
«Federatsiya rahbari ham bir qiziq gap aytgan edi, kongress janob Maskning tashrifiga sabab bo‘lishi mumkin, deb hazil qilgan edi. Hammaga taklifnomalar jo‘natamiz. Nafaqat janob Mask, balki janob Bezos, shuningdek, dunyoda kosmonavtika sohasidagi boshqa yorqin shaxslar ham bor. Biz ularning barchasini taklif qilamiz», – dedi Ibragimov.
So‘nggi yillardagi kongress Milan (2024), Boku (2023), Parij (2022), Dubay (2021), Vashington (2019), Bremen (2018) va Adelaida (2017) kabi shaharlarda o‘tkazilgan. 2025-yil oktabridagi kongress Avstraliyaning Sidney shahrida o‘tkazilgan bo‘lib, unda Xalqaro astronavtika kongressining 2028-yilgi tadbiri Samarqandda o‘tkazilishi belgilangan edi.
Har yili o‘tkaziladigan IAC kongressida dunyo bo‘ylab 10 mingga yaqin olim, muhandis, kompaniya va kosmik agentliklar vakillari ishtirok etadi. Sidneydagi tadbir ham Avstraliya iqtisodiyotiga qariyb $27 mln foyda keltirgan edi.
Samarqanddagi kongress ham AQSh, Yevropa, Xitoy, Hindiston, Rossiya va boshqa davlatlarning yetakchi kosmik tashkilotlaridan 10 mingdan ortiq xalqaro mehmon jalb qilishi, turizm, xizmat ko‘rsatish va tadbirkorlik sohalarida katta iqtisodiy o‘sishga turtki berishi kutilmoqda.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq O‘zbekistonda birinchi milliy sun’iy yo‘ldosh qachon uchirilishi haqida xabar bergan edik.