Urganch – Xiva o‘rtasida 120 mln dollarlik pullik yo‘l qurilishi boshlandi

eʼlon qilindi
Yangi trassa xalqaro standartlar asosida qurilmoqda
Foto: Transport vazirligi

Xorazm viloyatida Urganch – Xiva yo‘nalishida mintaqadagi ilk pullik avtomobil yo‘li barpo etilishi boshlandi. Loyiha qiymati $120 millionni tashkil etadi.

Yangi trassa xalqaro standartlar asosida qurilmoqda. To‘rt tasmali avtomobil yo‘lining uzunligi 35 kilometr bo‘lib, asfaltbeton qoplama bilan jihozlanadi. Uning bir sutkalik o‘tkazuvchanlik quvvati 20 mingdan ortiq transport vositalariga mo‘ljallangan.

Loyiha doirasida 17 ta ko‘prik, 8 ta yo‘l o‘tkazgich, 1 ta tunnel va 5 ta maxsus o‘tish yo‘lagi barpo etiladi. Shuningdek, yo‘l boshida, o‘rtasida va oxirida terminal hamda ikkita servis punkti qurilishi rejalashtirilgan.

Mutaxassislar ta’kidlashicha, yo‘l qatlamining umumiy qalinligi 87 santimetrni tashkil etadi. Yuqori ikki qatlami mustahkam modifikatsiyalangan bitum asosida yotqiziladi. Transport oqimini boshqarish sun’iy intellektga asoslangan raqamli tizimlar orqali amalga oshiriladi. Ushbu tizimlar yuk mashinalari, avtobuslar, yengil avtomobillar va boshqa transport vositalarini avtomatik aniqlay oladi.

Hozirgi mavjud yo‘l 34 kilometr bo‘lib, unda harakatlanish vaqti qariyb bir soatni tashkil qiladi. Yangi pulli trassa foydalanishga topshirilgach, Urganchdan Xivagacha bo‘lgan masofani 17 daqiqada bosib o‘tish mumkin bo‘ladi.

Shuningdek, trassa bo‘ylab yer osti suvlari yaqinligi sababli zamonaviy drenaj tizimlari va kollektorlar qurish ko‘zda tutilgan. Ayrim hududlarda hayvonlar uchun maxsus o‘tish yo‘laklari hamda aholi yashash punktlari yaqinida yo‘l usti o‘tish inshootlari barpo etiladi.

Avvalroq «Kursiv» nashri O‘zbekistonda 4 ming km yo‘l zamonaviy tezyurar magistralga aylantirilishi haqida yozgandi.

Shuningdek