Apple’ning navbatdagi taqdimoti: vizual sun’iy intellektdan iPhone 18 ranglarigacha

Tim Cook Apple’ning kelajakdagi qurilmalari markazida Visual Intelligence – atrof-muhitni ko‘ra oladigan va kontekst asosida harakat qiladigan sun’iy intellekt texnologiyasi bo‘lishini ochiq-oydin signal qilmoqda. Bu haqda Bloomberg nashri xabar berdi.
Visual Intelligence nima
Apple bu funksiyani ilk bor iPhone 16 Pro’da Apple Intelligence doirasida taqdim etgan. U foydalanuvchiga surat yoki skrinshot asosida savol berish, obyektni aniqlash yoki internetda rasm bo‘yicha qidiruv qilish imkonini beradi (ChatGPT va Google texnologiyalari bilan integratsiya orqali).
Endilikda kompaniya o‘zining mustaqil vizual modellarini ishlab chiqmoqda va ushbu texnologiyani yangi AI-wearable qurilmalarining asosiga aylantirmoqchi.
Qanday qurilmalar kutilmoqda
Apple quyidagi yo‘nalishlarda ishlayotgani aytilmoqda:
- yangi avlod AirPods (kengaytirilgan sensor va SI bilan);
- aqlli ko‘zoynaklar;
- bo‘yinga taqiladigan pendant turidagi qurilma (kamera va sensorlarga ega).
Avval kamera o‘rnatilgan Apple Watch ham sinovdan o‘tkazilgan, biroq loyiha hozircha to‘xtatilgan.
Vizual SI qanday ishlaydi
Oddiy misol – taomga qarab uning tarkibini aniqlash. Yoki foydalanuvchiga manzil bo‘yicha aniq yo‘nalish berishda oddiy metrlar o‘rniga real obyektlar (masalan, qizil bino yonidan o‘ting) asosida ko‘rsatma beriladi.
Shuningdek, tizim ma’lum joy yoki predmetga yaqinlashganda eslatma berishi mumkin.
Apple’ning bahorgi taqdimotlari
Kompaniya 2 – 4 mart kunlari bir nechta yangi mahsulotlarni e’lon qilishi kutilmoqda. 4-mart kuni maxsus Apple Experience o‘tkaziladi, biroq odatiy katta keynote bo‘lmaydi.
Kutilayotgan yangiliklar orasida:
- arzonroq MacBook;
- iPhone 17e;
- M4 chipli iPad Air;
- yangilangan MacBook Pro va MacBook Air modellari.
iPhone 18 Pro ranglari
Manbalarga ko‘ra, yangi flagman modellarda chuqur qizil rang asosiy variant sifatida sinovdan o‘tkazilmoqda. Oldingi Cosmic Orange rangining muvaffaqiyati kompaniyani yanada dadil ranglar tomon undamoqda.
Bukiladigan iPhone esa an’anaviy qora, kulrang va oq ranglarda chiqishi kutilmoqda.
iOS 26.4 yangilanishi
Apple iOS 26.4’ning ilk beta-versiyasini taqdim etdi. Undagi asosiy o‘zgarishlar:
- video podkastlar uchun HLS asosidagi qo‘llab-quvvatlash;
- yangi devor rasmi (wallpaper) tanlash interfeysi;
- Apple Music’da AI yordamida pleylist yaratish;
- Stolen Device Protection funksiyasining sukut bo‘yicha yoqilishi;
- CarPlay’da uchinchi tomon ovozli AI ilovalari qo‘llovi.
Yangi Siri va Gemini modeli esa keyingi yangilanishlargacha kechiktirilgan.
Tahlillarga ko‘ra, Apple aqlli soatlar va Vision Pro’dan keyin uchinchi katta toifaga – SI taqiladigan qurilmalar bozoriga jiddiy kirib kelishga hozirlik ko‘rmoqda. Tim Cook’ning bayonotlari esa kompaniya bu yo‘nalishda tez orada sezilarli qadam tashlashini anglatmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekisan iPhone 18 Pro seriyasi iyuldan ishlab chiqarilishi kutilayotgani haqida yozgandi.