Samsung smartfon obuna dasturiga yangi imtiyozlar qo‘shdi

eʼlon qilindi
Galaxy S26 seriyasi taqdimoti oldidan
Samsung smartfon obuna dasturiga yangi imtiyozlar qo‘shdi / Foto: Sammobile

Samsung Janubiy Koreyada smartfon obuna xizmatini yangi imtiyozlar bilan kengaytirdi. Yangilanishlar Galaxy S26 seriyasi taqdimoti arafasida joriy etildi.

New Galaxy AI Subscription Club endilikda bir, ikki va uch yillik tariflarni taklif etadi. Bir va ikki yillik tariflar uchun oylik to‘lov 6,9 ming KRW (taxminan $5,20), uch yillik tarif esa 8,9 ming KRW (taxminan $6,70) etib belgilangan.

Uch yillik obunani tanlagan foydalanuvchilar muddat yakunida qurilmani qaytarib, uning dastlabki qiymatining 25 foizini olishi mumkin. Bir yillik tarifda bu ko‘rsatkich 50 foizni, ikki yillik tarifda esa 40 foizni tashkil etadi.

Dastur doirasida Samsung Care+ xizmati o‘g‘irlik va yo‘qotishdan himoya bilan taqdim etiladi. Shuningdek, tasodifiy shikastlanishlar qoplanadi, bepul ta’mirlash va batareyani almashtirish imkoniyati mavjud.

Obunachilar kiber moliyaviy jinoyatlar oqibatida yuzaga kelgan zararlar uchun 3 mln KRWgacha, ($2 mingdan ziyod) internet firibgarligi holatlarida esa 500 ming KRWgacha ($345 atrofida) kompensatsiya olishi mumkin.

Bundan tashqari, o‘tgan yili ushbu dastur orqali Galaxy S25 seriyasi qurilmasini olgan foydalanuvchilar yangi Galaxy modeliga o‘tishda dastlabki uch oy uchun obuna to‘lovidan ozod etiladi va bir yillik Samsung Fire 365 Travel Insurance sug‘urtasiga ega bo‘ladi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samsung 6G tarmog‘ini joriy etishda yangi bosqichga o‘tgani haqida xabar bergan edik.

Shuningdek