Bolalar ombudsmani Fargʻonadagi 62 nafar bola zaharlanishi bo‘yicha tekshiruv boshladi

eʼlon qilindi
Hozirda 62 nafar bola statsionar sharoitda davolanmoqda
Foto: Bolalar ombudsmani

Farg‘ona shahridagi davlat maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarning zaharlanishi holati yuzasidan vaziyat nazoratga olindi. Bu haqda Bolalar ombudsmani matbuot xizmati xabar berdi.

Unga ko‘ra, 21-fevral kuni bir nechta bog‘cha tarbiyalanuvchilari viloyat yuqumli kasalliklar shifoxonasiga tana haroratining ko‘tarilishi, holsizlik, ko‘ngil aynishi va ich ketishi kabi alomatlar bilan murojaat qilgan. Shifokorlar ko‘rigidan so‘ng ularga o‘tkir diareya, alimentar etiologiya tashxisi qo‘yilgan.

Hozirda 62 nafar bola statsionar sharoitda davolanmoqda. Shifokorlar ularning ahvolini qoniqarli deb baholamoqda.

Holat yuzasidan Bola huquqlari bo‘yicha vakilning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili voqea joyiga chiqib, shifoxonada bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashgan hamda tibbiy hujjatlarni o‘rgangan.

Shuningdek, Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi viloyat boshqarmasi, viloyat Maktabgacha va maktab ta’limi boshqarmasi hamda boshqa mutasaddi tashkilotlar tomonidan bog‘chalarning oshxonalari tekshirilib, bolalar iste’mol qilgan taomlardan namunalar olinib, laboratoriya tahlillari o‘tkazilmoqda.

Zaharlanish qayd etilgan muassasalar hududi Farg‘ona shahar prokuraturasi va IIB xodimlaridan iborat tergov-tezkor guruhi tomonidan ko‘zdan kechirildi. Ayni paytda holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv harakatlari davom etayotir.

Avvalroq Kursiv Uzbekistan «Sanepidqo‘mita» poytaxtdagi soxta «SES» xodimlaridan ogohlantirgani haqida yozgandi.

Shuningdek