Uy-joy kreditlari: banklarda foiz stavkalari va miqdorlari qancha

Bugungi kunda banklar tomonidan birlamchi va ikkilamchi uy-joy kreditlari bo‘yicha foizlar 0 foizdan 32 foizgacha shakllanmoqda. Bu haqda Ipotekani qayta moliyalashtirish kompaniyasi ma’lum qildi.
2026-yil 23-fevral holatiga ko‘ra, tijorat banklarida ipoteka kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari va ajratiladigan mablag‘lar o‘rganib chiqildi. Xususan, banklar taklif qilayotgan shartlarda sezilarli farqlar mavjud.
Kredit miqdorlari banklarga qarab o‘zgaradi va eng yuqori summa 3,4 mlrd so‘mgacha yetadi. Bu esa yirik qiymatdagi uy-joy xarid qilish imkonini beradi.
Birlamchi va ikkilamchi uy-joy krediti bo‘yicha eng past foiz stavkasini «Apexbank» (0%) taklif qilmoqda. Eng yuqori foiz esa «Poytaxtbank»da (17 – 32 foizgacha) qayd etilgan.
Yashil ta’mir hamda oddiy ta’mir kreditlari bo‘yicha foiz stavkalari 18 foizdan 32 foizgacha belgilangan. Bunda eng past foizli kreditni Xalq banki (15 – 24% atrofida) taklif qilmoqda. Eng yuqori foizli kredit esa «SQB»da (19 – 32%) qayd etilgan.
Ushbu yo‘nalishda ajratiladigan eng yuqori kredit miqdori 1,4 mlrd so‘mgacha yetadi. Yashil ta’mir kreditlari energiya tejamkor texnologiyalarni joriy etish va uy-joyni modernizatsiya qilishga qaratilgan.
Batafsil shartlar va aniq stavkalar banklar kesimida farq qiladi. Qo‘shimcha ma’lumot olish uchun tijorat banklariga murojaat qilish tavsiya etiladi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Markaziy bank Statistika va tadqiqotlar departamenti kreditni kechiktirishda ayollarga nisbatan erkaklar ulushi yuqori ekanini bildirgandi. Yoshlar esa yoshi kattalarga qaraganda kreditni ko‘proq kechiktiradi.