Bolani qutqargan O‘zbekiston fuqarosiga 1 million rubl berildi

Sankt-Peterburgda derazadan qulab tushgan bolani tutib qolgan 36 yoshli O‘zbekiston fuqarosi Xayrullo Ibadullayev 1 mln rubl mukofot puli berildi. U Tigran Keosayan nomidagi mukofot bilan taqdirlandi. Bu haqda RT nashri xabar bermoqda.
O‘zbekistonlik migrant mukofot pulini O‘zbekistonga yuborishini, mablag‘ uy qurish va otasining davolanishi uchun sarflanishini ta’kidladi. Uning to‘rt nafar qizi bor bo‘lib, Rossiyaning Sankt-Peterburg shahriga to‘rt oy avval ishlash maqsadida kelgan.
Voqea vaqtida bola yerga qulagach, nafas olishi qiyinlashgan va Xayrullo Ibadullayev unga sun’iy nafas bergan. Shundan so‘ng tez yordam chaqirilib, shifokorlar kelguncha bolani yo‘lakka olib kirgan. Xabarlarga ko‘ra, hozirda bolaning holati yaxshi, ammo qutqaruvchining o‘zida ko‘krak qafasi va qo‘l sohasida og‘riqlar kuzatilmoqda.
RT bosh muharriri Margarita Simonyanning ma’lum qilishicha, ushbu mukofot shunchaki yaxshi va to‘g‘ri insonlarga yordam berish maqsadida ta’sis etilgan. O‘zbekistonlik fuqaro mazkur e’tirofga sazovor bo‘lgan to‘rtinchi inson hisoblanadi. Bungacha ikki nafar tarbiyachi va kollejdagi hujum vaqtida halok bo‘lgan qo‘riqchi taqdirlangan edi.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Sankt-Peterburgda bolani qutqargan o‘zbekistonlik «Jasorat» medali bilan mukofotlangani haqida xabar bergan edi.