
23-fevral kuni Angliya Premyer-ligasining 27-turida «Manchester Yunayted» safarda «Everton»ni 1:0 hisobida mag‘lub etdi.
Uchrashuv taqdirini hal qilgan yagona gol 71-daqiqada Benjamin Sheshko tomonidan kiritildi. Hujumchi o‘z maydonchasidan boshlangan tezkor qarshi hujumni muvaffaqiyatli yakunladi. Brayan Mbemo esa o‘z hisobiga assist yozdirib qo‘ydi.
Bosh murabbiy Maykl Karrik qo‘l ostidagi so‘nggi 6 ta o‘yinda «Manchester Yunayted» jami 16 ochko to‘plashga muvaffaq bo‘ldi. Joriy mavsumda Sheshko o‘zining sakkizinchi golini urishga erishdi va bu g‘alaba jamoaning kuchli to‘rtlikdagi o‘rnini mustahkamladi.
Maydon egalari safida Harrison Armstrong va Maykl Kin xavfli vaziyatlarni yaratdi, ammo mehmonlar darvozaboni Senne Lammens muhim seyvlarni amalga oshirib, darvozasi daxlsizligini saqlab qoldi. Bu mag‘lubiyatdan so‘ng «Everton» ketma-ket yettinchi uy uchrashuvida g‘alaba qozona olmadi va jadvalda to‘qqizinchi o‘rinda qoldi.
Turnir jadvalini 61 ochko bilan «Arsenal» boshqarib borayotgan bo‘lsa, «Manchester Siti» 56 ochko bilan peshqadamni ta’qib qilmoqda. Shaharliklar zaxirasida bir o‘yin mavjud. Uchinchi o‘rinda esa Birmingemning «Aston Villa» klubi 51 ochko bilan boryapti.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Ruben Amorim «Manchester Yunayted» bosh murabbiyi lavozimini tark etgani haqida xabar bergan edi.