Yoshlar tadbirkorligi uchun qo‘shimcha 200 million dollar ajratiladi

Yoshlar tadbirkorligini moliyalashtirish uchun qo‘shimcha $200 mln ajratiladi. Bu haqda prezident yoshlar bilan ularning tashabbuslarini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha qo‘shimcha imkoniyatlarga bag‘ishlangan muloqotida ma’lum qildi.
Unga ko‘ra, bu mablag‘lar yoshlarga biznes boshlash va o‘zini o‘zi band qilish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Har yili O‘zbekiston mehnat bozoriga 600 ming yosh kirib kelmoqda va bu ko‘rsatkich 2030-yilga borib 1 mlnga yetishi kutilmoqda. Yoshlar o‘rtasida o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalari ularning uchdan bir qismi tadbirkor bo‘lish istagida ekanini ko‘rsatgan. Yoshlarning o‘ziga mos ish topishi uchun sharoit yaratish davlatning eng muhim masalalaridan biri sifatida qayd etildi.
O‘tgan yili yoshlar bandligini ta’minlash maqsadida banklar va Yoshlar ishlari agentligiga $400 mln ajratilgan edi. Bu mablag‘lar hisobidan «Yoshlar biznesi» va «Kelajakka qadam» dasturlari orqali 15 ming nafar yosh o‘z biznesini yo‘lga qo‘ygan va 50 ming kishi ish bilan ta’minlangan.

Yangi chora-tadbirlar doirasida o‘zini o‘zi band qilgan yoshlar uchun beriladigan kredit miqdori 100 mln so‘mdan 300 mln so‘mgacha oshiriladi. Shuningdek, yosh tadbirkorlarning loyihalari uchun ajratiladigan maksimal kredit miqdori amaldagi 5 mlrd so‘mdan 10 mlrd so‘mgacha ko‘tariladi. Innovatsion startap loyihalariga esa $100 minggacha investitsiya kiritishga ruxsat berilishi belgilangan.
Buning qatorida, servis va umumiy ovqatlanish sohalarida 1 mingdan ziyod ish o‘rni yaratgan mahalliy brendlardan franshiza olib, o‘z filialini ochish niyatida bo‘lgan yoshlar uchun qulay moliyalashtirish paketlari joriy etilishi kutilmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan har haftaning payshanba kuni Yoshlar kuni etib belgilangani haqida xabar bergan edi.