Qibray tumanida hokim yordamchisi 10 ming dollar bilan ushlandi

Toshkent viloyati Qibray tumanida hokim yordamchisi davlat zaxirasidagi yerni olib berish evaziga $10 ming olayotgan vaqtida qo‘lga olindi.
Mahallabay ishlash tizimida faoliyat yurituvchi hokim yordamchisi MFY binosi yonidagi 4 sotix yerni xaridor nomiga o‘tkazib berishni va’da qilgan. Buning uchun u hokimlikdagi tanishlari orqali arxiv hujjatlariga soxta ma’lumotlar kiritishni rejalashtirgan va xizmati evaziga $50 ming so‘ragan.
Davlat xavfsizlik xizmati hamda Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbirda gumondor so‘ralgan pulning $10 mingini olayotganda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.
Hozirgi vaqtda mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) hamda 28, 211-moddalari (pora berishda ishtirok etish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, tergov harakatlari davom etmoqda.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Jizzax sudi katta yordamchisi pora olmagani haqida xabar bergan edi.