Buyuk Britaniya Rossiyaga qarshi qariyb 300 ta yangi sanksiyani e’lon qildi

Buyuk Britaniya 2026-yilning 24-fevralida Rossiya – Ukraina mojarosining to‘rt yilligi munosabati bilan Rossiyaga qarshi eng yirik sanksiyalar paketini joriy qildi. Bu haqda Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vazirligi ma’lum qildi.
Asosiy nishonlardan biri Rossiya neft eksportining 80 foizidan ortig‘ini tashishga mas’ul bo‘lgan PJSC Transneft kompaniyasi bo‘ldi. Shuningdek, noqonuniy neft savdosi bilan shug‘ullanuvchi 2Rivers tarmog‘iga kiruvchi 175 ta kompaniya hamda 48 ta neft tankeri sanksiyalar ro‘yxatiga kiritildi.
Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, xalqaro sanksiyalar natijasida Rossiya qariyb $450 mlrd miqdoridagi mablag‘dan mahrum bo‘lgan va uning neftdan olinadigan daromadlari 2020-yildan buyongi eng past darajaga tushgan.
Yangi cheklovlar ostiga harbiy ta’minotga aloqador 49 ta subyekt va shaxs, fuqarolik yadroviy energiya sohasidagi 3 ta kompaniya hamda transchegaraviy to‘lovlarni amalga oshiruvchi 9 ta bank tushgan.
Suyultirilgan tabiiy gaz sohasidagi 6 ta obyekt, shu jumladan, Portovaya va Visotsk terminallari ham sanksiyalangan. Buyuk Britaniya Tashqi ishlar vaziri Ivet Kuper Kiyevga tashrifi chog‘ida Ukraina energetika tizimini tiklash hamda infratuzilmani qo‘llab-quvvatlash uchun qo‘shimcha 30 mln funt sterling ajratilishini ma’lum qildi.
Rossiya – Ukraina mojarosi boshlanganidan beri Birlashgan Qirollikning Ukrainaga ko‘rsatgan yordami 21,8 mlrd funt sterlingga yetgan.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan Buyuk Britaniya Farg‘ona kimyo zavodi va yana uchta kompaniyaga sanksiya kiritgani haqida xabar bergan edi.