Tadbirkorlar va ilmiy hamjamiyat uchun elektron platforma yaratiladi

eʼlon qilindi
2026-yil 1-iyulga qadar
Onlayn platforma
Tadbirkorlar va ilmiy hamjamiyat uchun elektron platforma yaratiladi / Foto: Habr.com

O‘zbekistonda tadbirkorlik subyektlari hamda ilmiy hamjamiyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlikni kuchaytirishga maqsadida tadbirkorlar va ilmiy hamjamiyat uchun maxsus elektron platforma yaratiladi Bu haqda Adliya vazirligi ma’lum qildi.

Elektron platforma «Tadbirkorlik subyektlari hamda ilmiy hamjamiyat o‘rtasida o‘zaro hamkorlik aloqalarini rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi hukumat qaroriga muvofiq, 2026-yil 1-iyulgacha ishlab chiqiladi. Mazkur platforma tadbirkorlar va ilmiy doiralar o‘rtasida samarali axborot almashinuvini ta’minlashga xizmat qiladi.

Platforma doirasida yangi yaratilgan ishlanmalar bo‘yicha tadbirkorlar hamda investorlar uchun batafsil ma’lumotlarni o‘z ichiga olgan va elektron shaklda yuritiladigan «Yangi ishlanmalar bazasi» tashkil etiladi. Shuningdek, ilmiy izlanuvchilar hamda ularning tadqiqot mavzulari reyestri yuritilib, ilmiy tadqiqot yo‘nalishlari bo‘yicha mualliflar va tadbirkorlar uchun ochiq ma’lumotlar maydoni yaratiladi.

Bundan tashqari, tadbirkorlarga o‘z faoliyat yo‘nalishlarida ilmiy tadqiqotlar orqali yechimini topish zarur bo‘lgan muammolarni platformaga kiritish imkoniyati beriladi.

Hujjatga muvofiq, 2026-yil 1-avgustga qadar mazkur maxsus platforma «Tadbirkorlarning barqarorlik reytingi» elektron platformasiga integratsiya qilinadi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq 1 mlrd so‘mgacha investitsiya bilan «Yosh tadbirkorlar» chempionati yo‘lga qo‘yilishi haqida xabar bergan edik.

Shuningdek