Farg‘onada bolalarning ommaviy zaharlanishi yuzasidan jinoyat ishi ochildi

Farg‘ona shahridagi bir nechta davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarida tarbiyalanuvchilarning sog‘lig‘i bilan bog‘liq holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Bu haqda Farg‘ona viloyati IIB matbuot xizmati ma’lum qildi.
Joriy yilning 21-fevral kuni Farg‘ona shahar IIB navbatchilik qismiga kelib tushgan xabarga ko‘ra, shahardagi 58, 2 va 61-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotining 62 nafar tarbiyalanuvchilari tana harorati ko‘tarilishi, qorin og‘rig‘i va ich ketishi belgilari bilan Yuqumli kasalliklar shifoxonasiga murojaat qilgan.
Keyinchalik, bola huquqlari bo‘yicha vakilning Farg‘ona viloyatidagi mintaqaviy vakili voqea joyiga chiqib, shifoxonada bolalar va ularning ota-onalari bilan suhbatlashgan hamda tibbiy hujjatlarni o‘rgangan edi.
Hozirda mazkur vaziyat Farg‘ona viloyati prokuraturasi, IIB hamda boshqa mutasaddi idoralar mas’ullari tomonidan to‘liq o‘rganilmoqda.
Holat yuzasidan Farg‘ona shahar IIB tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 257¹-moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Barcha tegishli turdagi ekspertizalar tayinlanib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.