Pavel Durov Rossiyaning Telegram’ga qarshi harakatlarini keskin tanqid qildi

Telegram asoschisi Pavel Durov Rossiyaning unga qarshi «terrorizmni qo‘llab-quvvatlash» aybi bilan jinoyat ishi ochganini ma’lum qildi. Bu haqda u o‘zining Telegram sahifasida post joyladi.
U hokimiyat organlari ruslarning Telegram’ga kirishini cheklash uchun har kuni yangi bahonalar yaratib, maxfiylik va so‘z erkinligi huquqlarini bostirishga harakat qilayotganini ta’kidladi. Durov bu vaziyatni «o‘z xalqidan qo‘rqqan davlatning achinarli manzarasi» deb baholadi.
Shu bilan birga, rasmiy manbalar Rossiyada Durovning harakatlarini Rossiya Jinoyat kodeksining 205.1-moddasi 1.1-qismi, ya’ni terrorchilik faoliyatiga ko‘maklashish alomatlari bo‘yicha o‘rganayotganini bildirdi. Unda Telegram messenjeri noqonuniy kontent tarqalishining oldini olishda yetarlicha chora ko‘rmagani aytilgan edi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 2022-yildan buyon Telegram orqali sodir etilgan jinoyatlar 153 mingdan oshgan. Shulardan 33 mingga yaqini terrorchilik va ekstremistik yo‘nalishga mansub bo‘lgan. Shuningdek, 475 ta rejalashtirilgan teraktning oldi olingan. Rossiya tomoni Telegram rahbariyatiga noqonuniy kontentni o‘chirish bo‘yicha bir necha bor murojaat qilganini bildirgan.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Moskvadagi Tagan tumani sudi Rossiyada taqiqlangan kontentlarni o‘chirish talablarini e’tiborsiz qoldirgani uchun Telegram’ga 10,8 mln rubl ($140 ming atrofida) jarima tayinlagan edi.