Braziliyadagi toshqin va ko‘chkilar kamida 25 kishining hayotiga zomin bo‘ldi

eʼlon qilindi
Favqulodda holat e’lon qilindi
Braziliyadagi toshqin va ko‘chkilar kamida 25 kishining hayotiga zomin bo‘ldi / Foto: Reuters

Braziliyaning janubi-sharqidagi Minas-Jerais shtatida kuchli yog‘ingarchilik va ko‘chkilar oqibatida kamida 25 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda BBC nashri xabar berdi.

O‘lim holatlari ko‘proq Juiz de Fora shahrida qayd etilgan bo‘lib, rasmiylar 18 kishining vafot etganini bildirgan. Ubá shahrida esa 7 nafar odam halok bo‘lgan. Bir nechta uy va binolar qulaganidan keyin o‘nlab odamlar qidiruvga berildi. Hududda qutqaruv ishlari davom etmoqda.

Foto: Reuters

Braziliya prezidenti Luiz Inácio Lula da Silva qurbonlar va uylarini yo‘qotgan oilalarga chuqur ta’ziya bildirdi hamda Juiz de Fora shahrida favqulodda holat e’lon qilinganini ma’lum qildi.

Juiz de Fora shahrining o‘zida taxminan 440 kishi uyidan mahrum bo‘ldi. Shahar meri Margarida Salomão shaharda hayotdan ko‘z yumganlar xotirasiga uch kunlik rasmiy motam e’lon qildi. Yo‘qolganlar orasida bolalar ham bor, ammo qurbonlarning shaxsi bo‘yicha rasmiy ma’lumot hali taqdim etilmagan.

Foto: UGC

Minas-Jerais gubernatori Romeu Zema shtatda «qayg‘uli kun» kechayotganini bildirgan va kuchli yog‘ingarchilikdan zarar ko‘rgan oilalarga hamdardlik bildirdi. Mahalliy rasmiylarga ko‘ra, bu Juiz de Fora tarixidagi eng yomg‘irli fevral bo‘lgan, hududdagi yog‘ingarchilik esa bir oylik kutilgan miqdordan ikki barobar oshgan.

24-fevral kuni Braziliya milliy meteorologiya instituti Minas-Jerais, Rio-de-Janeyro va boshqa 12 shtatda kuchli yomg‘ir kuzatilishini e’lon qildi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Janubi-sharqiy Osiyoda kuzatilgan kuchli suv toshqini qurbonlari 900 nafardan oshgan edi.

Shuningdek