Turkiyada harbiy samolyot halokatga uchradi — video

Turkiyaning Balikesir viloyatida 9-Ana Jet Harbiy-havo bazasiga qarashli F-16 Fighting Falcon samolyoti xizmat parvozi vaqtida halokatga uchradi. Bu haqda Euronews mahalliy nashrlarga tayanib xabar bermoqda. Hodisa 25-fevralga o‘tar kechasi sodir bo‘lgan.
Viloyat hokimi Ismoil Ustao‘g‘lining ma’lum qilishicha, samolyot soat 00:50 atrofida qulagan. Uchuvchi halok bo‘lgan. Hokim marhumning yaqinlariga hamdardlik bildirgan.
Turkiya Milliy mudofaa vazirligi bayonotiga ko‘ra, Balikesirdagi harbiy bazadan havoga ko‘tarilgan F-16 bilan soat 00:56 dan boshlab aloqa uzilgan. Shundan so‘ng qidiruv-qutqaruv ishlari boshlangan.
Qidiruv natijasida samolyotning qulagani aniqlangan va uning qoldiqlariga yetib borilgan. Uchuvchining halok bo‘lgani tasdiqlangan.
Rasmiylarga ko‘ra, halokat sabablari maxsus komissiya tekshiruvi yakunida ma’lum qilinadi. Marhum uchuvchining oilasiga hamdardlik bildirilgan.
Eslatib o‘tamiz, Kursiv Uzbekistan nashri Gruziyada Turkiya harbiy samolyoti halokatga uchragani haqida yozgan edi. Samolyot Ozarbayjondan uchib kelayotgan bo‘lib, bortida kamida 20 nafar odam bo‘lgan.