TBC Bank Group Nyu-Yorkda Strategiya kunini o‘tkazdi va O‘zbekistonda biznesni rivojlantirish rejalarini taqdim etdi

eʼlon qilindi
TBC Uzbekistan Nyu-Yorkda strategiya kunini o‘tkazgan ilk o‘zbekistonlik ekotizim bo‘ldi
Foto: TBC Uzbekistan

TBC Bank Group Nyu-York shahrida investorlar uchun ilk bor Strategiya kunini o‘tkazdi. Unda O‘zbekistondagi TBC Uzbekistan raqamli moliyaviy ekotizimini 2030-yilgacha rivojlantirish rejalari taqdim etildi.

TBC Uzbekistan Nyu-Yorkda strategiya kunini o‘tkazgan ilk o‘zbekistonlik ekotizim bo‘ldi. Bu tadbir global investorlarning O‘zbekistonga qiziqishi ortayotganini ko‘rsatdi.

Tadbirda O‘zbekiston Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi hamda Iqtisodiyot va moliya vazirligi vakillari ishtirok etdi. Vazir Laziz Kudratov xalqaro investorlar, jumladan, BlackRock, Vanguard, JP Morgan Asset Management, Schroders va Fidelity International vakillariga mamlakatning strategik rivojlanish yo‘nalishlari haqida ma’lumot berdi.

TBC Bank Group TBC Uzbekistan’ni kengaytirish rejasini ham e’lon qildi. Hozirda ekotizimning 23 mln ro‘yxatdan o‘tgan foydalanuvchisi bor. Kompaniya chakana xizmatlarda yetakchi o‘rinni egallab turibdi va endi biznes yo‘nalishini rivojlantirishga e’tibor qaratadi. Maqsad mijozlar va biznes uchun yagona platforma yaratish hamda mikro, kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlash.

2030-yilgacha TBC Uzbekistan oyiga 10 mln faol foydalanuvchiga yetishni rejalashtirmoqda. Kredit portfelini $3 mlrddan oshirish, $250 mln sof foyda ko‘rsatkichiga chiqish va besh yil ichida Guruh umumiy sof foydasining 25 foizini shakllantirish maqsad qilingan.

TBC Digital kuzatuv kengashi raisi Oliver Hyuz O‘zbekistonni eng tez rivojlanayotgan bozorlardan biri deb atadi. Uning so‘zlariga ko‘ra, islohotlar, yosh demografiya va raqamli iqtisodiyotning o‘sishi bunga asos bo‘lmoqda.

Vazir Laziz Kudratov esa tadbir O‘zbekistonning investitsion salohiyatini xalqaro maydonda namoyish etish uchun muhim imkoniyat bo‘lganini ta’kidladi. U mamlakat xorijiy investorlar uchun ochiq ekanini qayd etdi.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq TBC Uzbekistan 2025-yilda operatsion daromadini 64 foizga oshirgani haqida xabar berilgandi.

Shuningdek