Banklarda 16 foizgacha avtokredit berilishi elektromobillarni ommalashishiga yordam beradimi — ekspertlar fikri

O‘zbekistonda 2026-yil 1-sentabrdan elektromobillarni sotib olish uchun 16 foizgacha stavkada bank avtokreditlari beriladi. Ushbu avtokreditlar birinchi bosqichda aholiga 15 mingta elektromobil uchun taqdim qilinadi.
Sentabrdan e’tiboran beriladigan avtokredit foizlarining oshgan qismini tijorat banklariga Davlat budjeti hisobidan qoplash tartibi joriy etiladi. Elektromobillarni quvvatlash stansiyalari sonini ko‘paytirish uchun mazkur yo‘nalishni rag‘batlantirish bo‘yicha islohotlar amalga oshiriladi. Masalan, elektromobillarni quvvatlash stansiyalarida 1 kilovatt soat elektr energiyasi narxining 300 so‘mdan oshgan qismi Davlat budjetidan qoplab beriladi.
Kursiv Uzbekistan Biznes va tadbirkorlik Oliy maktabi ilmiy tadqiqotlar va grantlar bo‘limi mudiri Ikboljon Kasimov bilan elektromobillarga beriladigan kreditning ta’siri va kutilayotgan natijalari haqida suhbatlashdi.
«Elektromobil bozorini bugun reklama ham, batareya inqilobi ham emas, balki eng avvalo oylik to‘lov va avtokredit shartlari tezlashtirmoqda», — deya fikrini boshladi ekspert.
Kasimov O‘zbekistonda so‘nggi besh yilda elektromobillar importi keskin oshganini aytdi. Jumladan, ochiq statistik ma’lumotlarga ko‘ra, 2021-yilda 800 tadan sal ko‘proq bo‘lgan ko‘rsatkich 2025-yilga kelib 56 mingdan yuqori.
Uning fikricha, bu jarayonni faqat texnologik trend bilan izohlash yetarli emas: xaridorlar yonilg‘i tejalishi, servis xarajatlari, shahar ichida qulay harakatlanish, ekologiya va, eng muhimi, xarid shartlarini hisoblab qaror qilmoqda. Shuning uchun bozordagi asosiy kuchni ishlab chiqaruvchi yoki reklama kampaniyalaridan ko‘ra ko‘proq avtokredit stavkasi va moliyalashtirish shartlarida ko‘rish mumkin.
1–2 foiz farqi: xaridor qarorini belgilaydi
«BYD’ning O‘zbekistonda ommalashgani ham shundan dalolat. Narx omili muhim, ammo amaliyot shuni ko‘rsatadiki, bozorni tezlatayotgan haqiqiy omil bu ayrim banklar taklif qilayotgan 11,9% kabi nisbatan qulay avtokredit shartlaridir», — dedi ekspert.
Ya’ni, avtokreditda 1–2 foiz nuqta farq ham oylik to‘lovni sezilarli o‘zgartiradi va ko‘pchilik qarorni umumiy narxdan ko‘ra oyiga qancha to‘layman? savoliga qarab qabul qiladi.
Raqobat bor, lekin moliyalashtirish shartlari juda muhim
Kasimov bugun elektromobil segmentida BYD, Leapmotor, Li Xiang, Hongqi, Dongfeng, Changan va Geely kabi brendlar tez ommalashayotgani, raqobat esa iste’molchi uchun foydali ekanini keltirdi.
«Sababi modellar ko‘payadi, komplektatsiyalar kengayadi, servis infratuzilmasi shakllanadi. Biroq raqobatning haqiqiy samarasi moliyalashtirish ommaviy va nisbatan arzon bo‘lganda to‘liq namoyon bo‘ladi», — dedi u.
Arzon avtokredit nega ko‘p joyda cheklanib qoladi?
Kasimovning fikricha, «Elektromobillar ommalashuvidagi asosiy to‘siqlardan biri bu moliyalashtirish resurslarining qimmatligi. Mexanizm oddiy:
- bank va moliya tashkilotlari resursni odatda 20%+ stavkalarda jalb qiladi;
- bank bu resurs ustiga o‘z marjasini (taxminan 5%) qo‘shadi;
- natijada mijoz uchun resurs narxi 25% atrofida shakllanadi».
Demak, bunday sharoitda talab kuchli bo‘lsa ham, arzon avtokreditni tez va ommaviy kengaytirish cheklanib qoladi.
Davlat siyosatining ahamiyati
«Shu nuqtada bozorni tezlatadigan yechim, ko‘proq mablag‘ emas, to‘g‘ri sozlangan moliyaviy instrumentdir. Hujjatga ko‘ra, 2026-yil 1-sentabrdan elektromobil xaridi uchun bank kreditlari bo‘yicha foiz stavkasi 16%gacha etib belgilanadi va kreditlarning adolatli taqsimlash tizimi yo‘lga qo‘yiladi. Eng muhim jihati, 16 foizdan yuqori qismi tijorat banklariga davlat budjeti hisobidan qoplab beriladi, dastlabki bosqichda esa dastur doirasida 15 mingta elektromobil xaridi moliyalashtiriladi; moliyalashtirish manbalari sifatida tijorat banklari mablag‘lari (kelishuv asosida), xorijiy tashkilotlar grantlari hamda homiylik mablag‘lari ko‘zda tutilgan», — deya keltirib o‘tdi mutaxassis.
Uning tushuntirishicha, bunday subsidiyalashning amaliy natijasi oddiy: foizning bir qismi qoplangani sayin oylik to‘lov pasayadi, demak, ko‘proq oila elektromobilni olsa bo‘ladi deb hisoblay boshlaydi. Talab ommaviylashganda esa bozorning ichki mexanizmlari tezroq ishlaydi: dilerlar va importyorlar narx bo‘yicha ko‘proq raqobat qiladi, servis tarmoqlari kengayadi, ehtiyot qismlar logistikasi yaxshilanadi va avtomobillarni quvvatlash infratuzilmasiga sarmoya kiritish rag‘bati ortadi.
«Xulosa qilib aytganda, elektromobillarni ommalashtirish ko‘p hollarda transport va atrof-muhit siyosati bilan birga moliya siyosati hamdir. Shu sababli, elektromobil kelajagi faqat batareyada emas balki kredit foiz stavkalarida ham. Brendlar ko‘paygani va iste’molchi qiziqishi yuqori bo‘lgani sabab O‘zbekistonda import o‘sishda davom etadi; agar moliyalashtirish resurslari arzonlashib, kredit stavkalari pasaysa, elektromobil ommaviylashuvi yanada tezlashadi», — deya Kasimov fikrini yakunladi.
Shuningdek, bu mavzuda iqtisodchi Otabek Bakirov ham o‘z Telegram kanalida quyidagicha fikrlarni bildirgan:
«Metanda yuradigan Cobalt’dan Seagull elektromobiliga ommaviy o‘tish qanday yuz beradi? Albatta, elektromobilda taksi xizmatini ko‘rsatuvchi o‘zini o‘zi band qilgan fuqarolar sonini 300 ming nafarga yetkazish vazifasi qo‘yilgani juda xursand qiladi. Bu har 3 taksichidan biri elektromobilga o‘tishi kerak degani. Lekin aynan arzon va ommabop elektromobillar uchun taqiq rolini o‘tayotgan utilizatsiya yig‘imi saqlanib qolsa, bu maqsadlarga erishish imkonsiz ko‘rinadi», — dedi iqtisodchi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, hozirda O‘zbekistonda mahalliy ishlab chiqaruvchining eng arzon elektromobili bu 208,3 mln so‘mlik yoki $17,350 dan boshlanadigan Seagull hisoblanadi. Xitoyda mazkur elektromobil $7 745 dan boshlab sotiladi.
Mutaxassis o‘rtaga qaysi o‘zband agar afzallik ko‘rmasa, Cobalt’ini tashlab o‘z ixtiyori bilan elektromobilga o‘tadi? Yo majburlanadimi? savolini tashladi.
«Balki iqtisodiyotimizni energetik qayta qurish uchun 3-yilgami, 5-yilgami arzon va ommabop elektromobillar uchun utilizatsiya yig‘imi va boshqa noboj to‘siqlarni olib tashlash kerakdir? Tor doiralar manfaatlaridan voz kechishning ayni payti emasmi?
Nahotki qo‘shnimiz Tojikiston qilgan ishni qila olmasak? Qo‘shnilarimiz elektromobillarni nafaqat bojlardan, boshqa turli ko‘rinishdagi yig‘im va hatto QQSdan ham 10-yilga ozod qilishgan», — dedi Bakirov.
Buning ortidan metanda harakatlanadigan avtomobillar uchun istiqbol tobora yomonlashib boraveradi.
Ekspert turli rasmiy raqamlarga ko‘ra O‘zbekistonda jismoniy shaxslarga tegishli 4,7 mlndan ortiq avtotransport vositalarining 65 foizdan ziyodi metanda harakatlanishini keltirdi.
«Taksichilik bilan shug‘ullanadigan o‘zbandlarning mutlaq katta qismi aynan metanda harakatlanadigan avtomobillardan foydalanishadi. Metan zapravkalar yiliga 6 mlrd kub atrofida gaz iste’mol qiladi. O‘zbekistonda gaz qazib olish yildan yilga katastrofik darajada qisqarib borayotgani fonida cheklovlar eng avvalo aynan metann zapravkalar faoliyatiga taalluqli bo‘lib bormoqda.
Ilgari, 2023-yilgacha qishning bir necha kunida bir necha soatlik cheklovlar kuzatilgan bo‘lsa, oxirgi yillarda cheklovlar kuzdan bahorgacha davom etmoqda. 2026-yilda ahvol yaxshilanib qolishini kutish juda qiyin (Strategiya-2030 loyihasiga ko‘ra, gaz qazib olish yana 4,4 mlrd.kubga qisqaradi). Metanda yuradigan Cobalt’dan Seagull elektromobiliga ommaviy o‘tish qanday yuz beradi», — deya xulosa qildi Bakirov.
Avvalroq Kursiv Uzbekistan elektromobilda taksi qilganlarga soliq va avtoturargoh imtiyozlari berilishi haqida yozgandi.