16,4 mlrd so‘mdan ortiq davlat xaridlarida qonunbuzilish holatlari aniqlandi

Raqobat qo‘mitasi tomonidan davlat xaridlari sohasida 16,4 mlrd so‘mdan ortiq xaridlarda qonunbuzilishlar aniqlanib, tegishli choralar ko‘rildi. Bu haqda qo‘mita matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlangan holatlar qator hududlarda qayd etildi. Andijon viloyatida 320 mln so‘mlik, Jizzax viloyatida 370 mln so‘mdan ortiq va 30 mln so‘mlik, Namanganda 250 mln so‘mlik, Navoiyda 55 mln so‘mlik xaridlarda kamchiliklar topildi.
Bundan tashqari, Qashqadaryoda 500 mln so‘mga, Sirdaryoda 300 mln so‘mga yaqin, Surxondaryoda 250 mln va 200 mln so‘m atrofidagi xaridlar o‘rganildi. Xorazm viloyatida 1,1 mlrd so‘mdan ortiq 7 ta xaridda qonun talablari buzilgani aniqlandi. Toshkent shahrida esa O‘zbekiston milliy metrologiya institutining 13,1 mlrd so‘mdan ortiq xaridi yuzasidan kamchiliklar qayd etildi.
Tekshiruvlar davomida savdolarda raqobatni cheklovchi harakatlar mavjudligi aniqlangan. Hududiy boshqarmalar maxsus komissiyasi tomonidan buyurtmachi tashkilotlarga nisbatan ish qo‘zg‘atilib, belgilangan tartibda ta’sir choralarini qo‘llash to‘g‘risida qaror qabul qilindi.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Surxondaryodagi 38,5 mlrd so‘mlik davlat xaridida qonunbuzilish holati aniqlangandi. Unga ko‘ra, Surxondaryo QurilishInvest buyurtmasi asosida e’lon qilingan tenderda bir kompaniya asossiz ravishda jarayondan chetlashtirilgan.