Barselona sayyohlarning bir kechalik soliqlarini 2 baravar oshirdi

Ispaniyaning Barselona shahrida sayyohlarga bir kecha uchun solinadigan soliq miqdori oshirildi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar berdi.
Kataloniya mintaqaviy parlamenti dam olish ijarasi mehmonlari uchun soliqni ikki baravar oshirdi. Endi bir kecha uchun maksimal miqdor 12,5 yevroni tashkil etadi. Shu bilan birga, 2028-yilgacha barcha qisqa muddatli ijara uylari ham taqiqlanadi.
To‘rt yulduzli mehmonxonalarda bir kecha uchun soliq 10 – 15 yevro, besh yulduzli mehmonxonalarda esa 15 yevrogacha bo‘ladi. Kruiz yo‘lovchilari taxminan 6 yevro to‘lashda davom etadi. Yig‘ilgan daromadning choragi shaharning uy-joy muammosini hal qilishga yo‘naltiriladi. Misol uchun, to‘rt yulduzli mehmonxonada ikki kecha qoladigan juftlik qo‘shimcha 45,60 yevro to‘lashiga to‘g‘ri keladi.
Mehmonxona egalari soliqning oshishi yiliga keladigan 15,8 mln turistlar sonini kamaytirishi mumkinligidan xavotirda. Shuningdek, Barselona dunyodagi eng mashhur konferensiya va konvensiyalar o‘tkaziladigan shaharlar ro‘yxatida kuchli to‘rttalikka kiradi. Bunday tadbirlarga keladigan ishtirokchilar ham turist solig‘i to‘lashga majbur bo‘ladilar.
Eslatib o‘tamiz, avvalroq Misr vizasi 1-martdan 30 dollarga ko‘tarilishi haqida xabar bergan edik.